Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga ko‘maklashish maqsadiga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
bugungi kunga qadar 541 ta davlat ulushi mavjud korxonaning 247 tasi 2,3 trillion so‘m qiymatda savdoga chiqarilib, 96 tasi 411,6 milliard so‘mga sotilgan. Davlat geologiya qo‘mitasi tasarrufidagi 6 ta yirik davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatlari sifatida qayta tashkil etilib, ularning kuzatuv kengashlariga 6 nafar chet ellik malakali ekspert mustaqil a’zo sifatida jalb etilgan. Geologik izlanishlar yo‘nalishida 400 million dollarlik kredit shartnomalari rasmiylashtirilib, xalqaro banklar bilan 900 million dollarlik sindikatlangan kredit ajratish to‘g‘risida bitimlar tuzilgan.
Bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini (ob’ektlar) ishlab chiqarishga jalb qilish yuzasidan o‘tkazilgan xatlovlar natijasida 27 ming 675 ta ob’ekt aniqlanib, 1 ming 215 ta ob’ekt bo‘sh turganlar toifasidan chiqarilgan. 1 ming 146 ta ob’ektdan kelgusida samarali foydalanish belgilanib, 744 ta yangi ob’ektdan samarali foydalanish choralari ko‘rilgan.
Yoqilg‘i-energetika va tog‘-kon metallurgiya sanoatlari korxonalarida resurs va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish darajasini oshirish, texnologik yuqotishlarni kamaytirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi qarori bilan yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, chora-tadbirlar belgilab olingan.
Iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilib, o‘tgan davr ichida respublika hududida 25 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 8 mingdan ortiq transformator punktlari yangilanib, rekonstruksiya qilingani natijasida 1,7 milliondan ortiq aholi xonadonlarida elektr ta’minoti yaxshilangan.

Sanoatni raqamlashtirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni jadallashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, sanoatda bozor mexanizmlarini keng joriy etish, ilmiy yutuqlardan samarali foydalanish maqsadida 2030 yilgacha sanoatini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va iqtisodiyotni raqamlashtirish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun sohada yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi ta’minlangan. Optik tolali aloqa liniyalarining uzunligi 81 ming kilometrni tashkil etib, joriy yil yakuniga qadar 118,6 ming kilometrga yetkazish rejalashtirilgan. bugungi kunga qadar 1,7 millionta keng polosali internet tarmog‘iga ulanish portlari o‘rnatilib, ularning umumiy sonini 2021 yil oxiriga qadar 3,9 milliontaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Ijtimoiy soha ob’ektlarini yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash doirasida 9 ming 347 ta xalq ta’limi, 5 ming 625 ta maktabgacha ta’lim muassasalari va 3 ming 401 ta sog‘liqni saqlash ob’ektlarining yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga 2019 yilning shu davriga nisbatan aloqa kanallari ijarasi tariflari 2 barobarga, 2020 yil davomida internet xizmati tariflari 29 foizga arzonlashtirildi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA