Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining parlament yuqori palatasining o‘n ikkinchi yalpi majlisi oldidan videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar, shu jumladan, mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan aholi punktlari hamda iqtisodiy ob’ektlar xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Hukumat tomonidan parlament so‘roviga taqdim etilgan javobga ko‘ra, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat tarkibda Ishchi guruh tuzilib, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar atroflicha o‘rganib chiqilgan. O‘rganish natijalari toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash, qor ko‘chish va yer ko‘chki hodisalari xavfini kamaytirish bo‘yicha Hukumat komissiyasi majlisida muhokama qilingan.
Bundan tashqari, parlament so‘rovida ko‘tarilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, xususan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimlariga gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Majlisda ushbu parlament so‘rovida ko‘tarilgan ayrim masalalarning yechimiga yetarli darajada e’tibor qaratilmaganligi ta’kidlanib, taklif va tavsiyalar bildirildi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA