Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parlament quyi palatasida qo‘mitalar tuzildi
12:17 / 2020-01-22

2020 yil 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tdi.


2020 yil 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda yangi parlament quyi palatasining qo‘mitalarini shakllantirish masalasi ko‘rib chiqildi. 

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Oliy Majlis quyi palatasining qonun ijodkorligi faoliyati sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladigan qonunlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi. 

Galdagi vazifa esa, joriy chaqiriqdagi faoliyat davomida ham qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish uchun qonunchilik bazasini tizimlashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini qaror toptirish, ilg‘or xorijiy davlatlarning qonun hujjatlarini qiyosiy o‘rgangan holda, qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishni taqozo etadi. Ayniqsa, qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, qonun loyihasidagi har bir norma, avvalo, xalqning muhokamasidan o‘tkazilib, undan keyingina tegishli xulosalar berilishiga alohida e’tibor qaratish, eng muhimi, qonunlar qabul qilingandan so‘ng ularning joylardagi ijrosini tizimli ravishda tahlil etish, qabul qilingan har bir qonun xalqqa nima naf berayotganini chuqur o‘rganish lozimligi qayd etildi.

Shu bilan birgalikda, parlament nazorati yo‘nalishidagi faoliyatni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirishishga erishish zarur. Bunda qo‘mitalarning o‘rni nihoyatga katta ahamiyatga ega.

Qayd etish joizki, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasiga binoan, Qonunchilik palatasi tomonidan uning deputatlari orasidan palataning vakolatlari muddatiga rais, uning o‘rinbosari va a’zolardan iborat tarkibda qo‘mitalar tuziladi. 

Shunga muvofiq, qo‘mita raisi, uning o‘rinbosari va qo‘mita a’zolari lavozimlariga nomzodlar ko‘rsatish yuzasidan takliflarni fraksiyalarning rahbarlari o‘zaro kelishgan holda kiritadilar. 

Qonunchilik palatasi qo‘mitasining raisi, uning o‘rinbosari va qo‘mita a’zolari palata majlisida Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan saylanadi.

Amaldagi ana shu tartib-taomillarga muvofiq, Qonunchilik palatasi tomonidan uning deputatlari orasidan palataning vakolatlari muddatiga rais, uning o‘rinbosari va a’zolardan iborat tarkibda qo‘mitalar tuzildi.

Unga ko‘ra, parlament quyi palatasida Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi, Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tuzildi. 

Majlisda Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining raisi, ularning o‘rinbosari, shuningdek, qo‘mita a’zolari saylangani to‘g‘risida Qonunchilik palatasining qarorlari qabul qilindi.