Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatga o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati berilmoqda.
Majlisdagi muhokamalar davomida deputat A’zam To‘laboyev ushbu norma haqida to‘xtalib, parlament qaysi vaziyatlarda o‘zini-o‘zi tarqatib yuborishi mumkin, qanday asoslarga tayanib ushbu norma ishga tushadi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
— Bu konstitutsiyaviy norma hisoblanadi. Bosh qomusimizda parlament qanday holatlarda Prezident tomonidan tarqatib yuborilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo parlament qanday holatlarda o‘zini o‘zi tarqatib yuborishi ko‘rsatilmagan. Agar aynan asoslarni qonunda ko‘rsatish kerak bo‘lsa, avvalo, uni Konstitutsiyaga kiritish lozim bo‘ladi. Har qanday holatda, agar deputatlarning yetarli ovozi yig‘iladigan bo‘lsa, parlament o‘zini o‘zi tarqatib yuborishi mumkin. Bu Konstitutsiyada belgilangan. Qonunda muayyan asoslarni ko‘rsatadigan cheklovchi normani kiritish ma’qul emas, — deb javob berdi qo‘mita raisi Jahongir Shirinov.
M.Komilova, O‘zA