English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parlament palatalari kengashlarining qo‘shma majlisi o‘tkazildi
09:43 / 2024-02-14

Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda kengashlar a’zolari, deputatlar, senatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda 2024 yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan tadbirlarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.  

Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xususan makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investitsiya, eksport hajmlarini kengaytirishga e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.  

Qishloq xo‘jaligi, uy-joy qurilish, kommunal, transport, ekologiya sohalari, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sportni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.  

Prezidentimizning farmon va qarorlarida mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga doir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan.  

Muhokamalar jarayonida 2024 yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan tadbirlarning bajarilishi ustidan tizimli parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish, bu borada parlament  hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faol ishtirokini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.  

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasining 2023 yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi.  

Parlament komissiyasi Davlat byudjetidan 2023 yil uchun ajratilgan 226 milliard 490 million so‘m mablag‘ni davlat subsidiyasi shaklida 191 milliard 490 million so‘m, davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida 18 milliard so‘m va davlat granti shaklida 17 milliard so‘m miqdorida moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.  

Jamoat fondi tomonidan 38 nodavlat notijorat tashkilotining ustav faoliyati va yillik ish rejasi ijrosiga 123 milliard 338 million so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga qo‘shimcha davlat subsidiyasi shaklida qo‘llab-quvvatlash uchun 68 milliard 152 million so‘m yo‘naltirilgan.  

Parlament komissiyasi qarorlari asosida Davlat byudjeti hisobidan «Nuroniy» jamg‘armasiga 35 milliard 182 million so‘m va Progressiv islohotlar markaziga 6,5 milliard so‘m qo‘shimcha davlat subsidiyasi shaklida mablag‘ yo‘naltirilgan.  

Jamoat fondi tomonidan 2023 yilda davlat grantlarining 6 ta tanlovi o‘tkazilgan va 200 loyiha 18 milliard so‘mga moliyalashtirilgan.  

Davlat organlarining ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qurilish, kommunal xo‘jaligi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik kabi sohalarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga yo‘naltirilgan buyurtmalari asosida Jamoat fondi tomonidan 11 ijtimoiy buyurtmaga ochiq tanlov e’lon qilingan.  

Muhokamalar chog‘ida sohalar kesimida tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda muayyan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish, o‘tkaziladigan tanlovlarning barcha bosqichlarini raqamlashtirish orqali shaffof va sog‘lom raqobat muhitini yaratish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.  

Majlisda Oliy Majlisning Misr Arab Respublikasi parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi yangi tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.  

Muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma qarorlari qabul qilindi.  

N.Abduraimova, O‘zA