Termizda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyat hududiy bo‘linmasi va xalq deputatlari viloyat Kengashi hamkorligida “Prezident Murojaatnomasida parlament nazoratini kuchaytirish hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatini takomillashtirish masalalari”ga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Mahalliy Kengashlar deputatlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, faol fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar, jumladan, parlament nazoratini institutsional jihatdan kuchaytirish, mahalliy Kengashlar faoliyatida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, deputatlik nazoratining ta’sirchanligini ta’minlash, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirishning mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr almashildi.

Davra suhbatida xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi A.Choriyev, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Z. Alimardanova, Oliy Majlis Senati a’zosi D.Suvonova, xalq deputatlari Termiz shahar kengashi raisi D.Normuradovalarning “Prezident Murojaatnomasining 2026 yilda davlat boshqaruvi va parlamentchilik tizimini takomillashtirishdagi ahamiyati: parlament nazoratini kuchaytirish, mahalliy Kengashlar va siyosiy partiyalar rolini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar”, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirishning mazmun-mohiyati va ahamiyati”, “Prezident Murojaatnomasi – davlat boshqaruvida yangi siyosiy madaniyat”, Prezident Murojaatnomasida deputatlik nazorati va jamoatchilik manfaatlarini ta’minlash masalalari” mavzuidagi ma’ruzalari tinglandi.

Tadbirda Murojaatnomada mahalliy vakillik organlarining davlat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, hokim va kengash raisi vakolatlarini ajratish islohotining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilib, bu yangilik mahalliy Kengashlarning nazorat vakolatlarini kengaytirib, deputatlarning ijro hokimiyati faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatishida muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Senat va mahalliy Kengashlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini ta’minlash, siyosiy partiyalar fraksiyalarining mahalliy qarorlar sifatini oshirishdagi roli, deputatlarning saylovchilar bilan ishlash madaniyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Davra suhbatida Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarni hududlarda samarali amalga oshirish, mahalliy vakillik organlari faoliyatida tashabbuskorlik va mas’uliyatni kuchaytirish hamda parlament va deputatlik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA