Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parlament nazorati samaradorligi yanada mustahkamlanadi
14:22 / 2026-01-06

Senatning yana bir qonunchilik taklifi — parlament nazorati faoliyatining asoslarini yanada mustahkamlashga qaratilgan taklif quyi palata majlisida ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunga Senat qo‘mitalari tomonidan davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining Konstitutsiya va qonunlarni, davlat dasturlarini ijro etish bo‘yicha axborotini eshitish vakolatini mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartirish kiritilmoqda.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunga tuzatish kiritilib, deputat va senator palataga hisobdor organ yoxud mansabdor shaxsning hisoboti yoki axborotini nafaqat palata majlisida, balki endilikda o‘zi a’zo bo‘lgan qo‘mita majlislarida ham eshitish to‘g‘risida taklif kiritishga haqliligi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalariga o‘zgartirish kiritilmoqda. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘mitalari tomonidan davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining Konstitutsiya va qonunlarni, Oliy Majlis palatalari va ularning organlari qarorlarini, davlat dasturlarini ijro etish, shuningdek, o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha axborotini eshitish vakolati aniq belgilanyapti.

Shu bilan birga, “Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Ya’ni, qo‘mita majlislarida davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarining axborotini eshitishda Hukumat tegishli rahbarlarning ishtirokini ta’minlashi aks etmoqda.  

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi Oliy Majlis palatalarining parlament nazoratiga oid vakolatlari mustahkamlanishi, davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining o‘z faoliyati yuzasidan javobgarligi va hisobdorligini oshirishga hamda Konstitutsiya va qonunlar, davlat dasturlarining bajarilishi yuzasidan parlament tomonidan tizimli nazorat o‘rnatilishiga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA