Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parlament diplomatiyasidan mintaqaviy taraqqiyot sari
17:18 / 2025-12-19

Shu yil 15-17 dekabr kunlari poytaxtimizda “Inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlik” mavzusida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish doirasida inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati V.N.Pak mazkur anjumanning ahamiyati haqida o‘z munosabatini bildirdi:

— Bugungi murakkab geosiyosiy va global iqtisodiy jarayonlar sharoitida an’anaviy diplomatiya bilan bir qatorda parlament diplomatiyasining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim voqea bo‘ldi.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv parlamentlararo muloqotni institutsional jihatdan rivojlantirish, o‘zaro ishonch va konstruktiv sheriklikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qildi. Ushbu format 2023 yilda Seul shahrida o‘tkazilgan birinchi yig‘ilishdan boshlab barqaror va izchil rivojlanib kelmoqda. 2024 yilda Ashxobodda bo‘lib o‘tgan ikkinchi yig‘ilish esa parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish va davlatlararo kelishuvlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Toshkentdagi uchinchi yig‘ilishda inson qadri, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi umuminsoniy qadriyatlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Global beqarorlik va iqlim o‘zgarishi sharoitida parlamentlar o‘rtasidagi ochiq va ishonchli muloqot alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Koreya Respublikasining innovatsiya, raqamlashtirish va yuqori texnologiyalar sohasidagi tajribasi Markaziy Osiyo davlatlari uchun katta amaliy ahamiyatga ega. Ayni paytda mintaqaning iqtisodiy salohiyati o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi. Bu jarayonda parlamentlararo diplomatiya davlatlararo munosabatlarning samarali qo‘shimcha mexanizmi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekiston uchun ushbu format Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning mantiqiy davomi hisoblanadi. Parlament diplomatiyasini faollashtirish va mintaqaviy barqarorlikka hissa qo‘shish mamlakatimiz ustuvor vazifalaridan.

Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlari qonunchilik sohasida tajriba almashish bilan birga, xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Uchinchi yig‘ilish yakunlari asosida erishilgan kelishuvlar mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova yozib oldi.

O‘zA