O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining tasarrufida hozirda 23 ta sanatoriy va bitta dam olish uyi bor. Ular yurtdoshlarimizga hamda chet ellik mehmonlarga xizmat qilmoqda.
Kuni kecha bunday maskanlar soni yana bittaga ko‘paydi. Aniqrog‘i, Parkent tumanida muhtasham «Zarkent» sanatoriysi foydalanishga topshirildi.
Poytaxtdan qariyb 60 kilometr uzoqlikda joylashgan yangi sanatoriy Zarkent qishlog‘ining «Qo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi «Zarkent bobo» hamda «Qush qo‘nmas» nomlari bilan mashhur bo‘lgan ziyoratgohlar qoshida barpo etildi.
Joylashuv hududi, iqlimi, tabiati shifobaxsh xususiyatlarga egaligiga ko‘ra, «Zarkent» sanatoriysi nafas yo‘llari va asab tizimi kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. Umumiy maydoni 2,8 gektar bo‘lgan bu muassasa salomatlikni tiklash va turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiluvchi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va unda davolash-tashxislash xonalari tashkil etilgan. Dam oluvchilar bu yerda fizioterapiya, jismoniy tarbiya, massaj, suv bilan davolash muolajalari, fitoterapiya, lazerli terapiya, psixoterapiya kabi davo usullaridan foydalanishlari mumkin.
Sanatoriyning tantanali ochilishi marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov, shuningdek, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, nuroniylar va mahalla faollari, ustoz-murabbiylar hamda taniqli ijodkorlar ishtirok etdi.
Marosimda Qudratilla Rafiqov «Zarkent» sanatoriysi direktori Akrom Ergashevga ramziy kalit – «Lasetti» hamda «Damas» avtomashinalari kalitlarini topshirdi.
150 o‘ringa ega to‘rt qavatli majmuada barcha qulayliklar bir joyning o‘zida, yaxlit holda tashkil etilgan. Ya’ni, yotoqxona, davolash bo‘limi, oshxona, klub, kutubxona, ma’muriy bo‘lim, laboratoriya va boshqa xizmatlar bitta binoda joylashgan. Barcha xonalar eng zamonaviy mebel va anjomlar bilan jihozlangan. Sanatoriyning ishga tushirilishi yuzga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Qurilish ishlarini olib borish, kanalizatsiya tarmoqlarini tortish, isitish tizimlarini o‘rnatish, suv minorasi qurish, tibbiy jihozlar va qattiq inventarlarni xarid qilish uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 50 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
[gallery-7471]
Marosimda qurilish jarayonida fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh quruvchilar mehnati e’tirof etilib, ularga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan zarbof to‘nlar kiydirildi.
G‘ulomjon MIRAHMEDOV