Parkentda “Mahalla markazi” foydalanishga topshirildi
Yurtimiz bo‘ylab mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Toshkent viloyati Parkent tumanida “Mahalla markazi” binosi foydalanishga topshirildi.
Yurtimiz bo‘ylab mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Toshkent viloyati Parkent tumanida “Mahalla markazi” binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi, tuman hokimligi mas’ullari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, mahalla faollari, yoshlar ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, viloyat, tuman va shahar markazlarida “Mahalla markazi“ majmualari binolarini, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qo‘yilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, ta’mirlash), ularni zarur mebel, kompyuter, aloqa vositalari va internet tarmog‘i bilan ta’minlash vazifasi belgilangan.
Farmonda belgilangan mazkur vazifa ijrosini ta’minlash yuzasidan Toshkent viloyati, xususan Parkent tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Tumanimizda 56 ta fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritadi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Parkent tumani kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Dadamatov. – Farmon talabidan kelib chiqib, ayni paytga qadar ularning 11 tasi uchun yangi bino qurib berildi. 2 ta fuqarolar yig‘inining binosi rekonstruksiya qilinib, 1 tasi mukammal ta’mirlandi. Shuningdek, aksariyat mahallalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Zamonaviy “Mahalla markazi” binosining shu kunlarda foydalanishga topshirilishi esa parkentliklar uchun munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.
G‘arb va milliy me’morchiligimizning uyg‘unlashuvi asosida bunyod etilgan 2 qavatli zamonaviy bino qurilishiga “Mahalla” xayriya jamoat fondining 500 million so‘m hamda 900 million so‘m xomiylik mablag‘i yo‘naltirildi. Shuningdek, yangi markaz 60 million so‘mlik mebel jihozlari bilan ta’minlandi.
Tuman mahallalar kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi, “Gulbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini va mahallaga biriktirilgan militsiya tayanch punkti faoliyat boshlagan yangi markazda nafaqat xodimlar, balki bu yerga keladigan har bitta fuqaro uchun barcha qulaylik yaratildi.