Toshkent viloyatida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga tuhfa sifatida qurib bitkazilgan “Parkent ijod uyi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ijod maskanining ochilish marosimini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish maqsadida jurnalistlar uchun press-tur ham tashkil etildi.
Tadbirda davlat va jamoatchilik idoralari vakillari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent viloyat hokimligi, “O‘zavtosanoat” AJ, taniqli ijodkorlar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 dekabr kuni Toshkent shahrida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrifi davomida bergan topshiriqlarida, shuningdek,2018 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Toshkent viloyatida “Parkent ijod uyi”ni qurib foydalanishga topshirish vazifasi berilgan edi.
Ushbu muhtasham inshoot “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan qurib bitkazildi.
Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Saidov, uyushmaning Toshkent viloti bo‘limi rahbari Mahmud Toir va boshqalar bugungi Yangi O‘zbekistondagi adabiy islohotlar haqida gapirdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori milliy adabiyotimizni rivojlantirish va jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga ham juda katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada so‘nggi yillarda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilgani, ijodkorlar uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilayotgani, sohada yillar davomida to‘planib qolgan dolzarb muammolarning qisqa fursatlarda hal etilayotgani buning yaqqol dalil ekani ta’kidlandi.
Ilgari ijodkorlarning dam olishlari va ijod qilishlari uchun faqatgina “Do‘rmon” ijod uyi mavjud edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019 yili Jizzax viloyatining Zomin tumanida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy ijod uyi qurib bitkazildi. Bu yerda ijodkorlarimiz dam olib, salomatligini tiklab, yangi asarlar yaratishi uchun barcha sharoit yaratib berildi. O‘tgan vaqt mobaynida 157 nafar uyushma a’zosi mazkur sanatoriyada imtiyozli narxlarda dam olishi tashkil etildi.
Shuningdek, yangidan bunyod etilgan “Parkent ijod uyi"ning mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami oldidan foydalanishga topshirilayotgani adabiyot ahli uchun katta shodiyona bo‘ldi. Bino zamonaviy andozalar asosida qurilgan bo‘lib, 152 o‘ringa mo‘ljallangan, 32 xonadan iboratdir. 2 gektar yer maydonida joylashgan inshoot ochiq va yopiq suv havzasiga, kutubxona, oshxona, choyxona hamda 150 o‘rinli amfiteatriga ega.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari “Parkent ijod uyi” bilan to‘liq tanishdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javol olishdi. U yerda yaratilgan shart-sharoitlarga guvoh bo‘lishdi.
Oromgoh hovlisida yangi chop etilgan kitoblar ko‘rgazma-savdosi tashkil etildi. Tadbir davomida "Buyuk o‘zbek yo‘li" publitsistik to‘plami, "Orzular xiyoboni" hikoyalar to‘plami, "Kelajakka boshlaydi ishonch" she’riy to‘plami hamda Turkiyada professor Munevver Tekjan tomonidan nashrga tayyorlangan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni sohibi Zokirjon Mashrabov haqida "Bobur izida o‘tgan bir umr" kitobining taqdimot marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
El ardog‘idagi san’atkorlarning badiiy chiqishlari, shoirlarning Vatanni ulug‘lovchi she’rlari tadbirga zavq bag‘ishladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov, Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev ishtirok etdi.
D. Mamatova, O‘zA