An’ana va innovatsiyalar birlashgan joy, Markaziy Osiyo markazida o‘zining madaniy merosi va xilma-xil tabiiy landshaftlari bilan mashhur bo‘lgan O‘zbekiston o‘zini yangi rolda sinab ko‘rish – eko-, etno-, agro- va gastroturizm ishqibozlarini jalb qiluvchi markazga aylanishga tayyorlanmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati Parkent tumanida amalga oshirilayotgan MSA Resort loyihasi hududning turizm salohiyatini yaqqol namoyon etishga qaratilgan. Loyiha turizmni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi va mehmonlarni mahalliy aholining boy an’analari bilan tanishtirishga xizmat qiladi. Istiqbolli loyiha barqaror rivojlanish va madaniy almashinuv darajasining ortishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Majmuaning qurilishi 2024 yilda boshlanib 2025 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 350 yaqin ish o‘rni yaratiladi. Bu o‘z navbatida mintaqaning iqtisodiy rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan MSA Resort loyihasi taqdimotida shu va boshqa ko‘plab masalalar xususida so‘z yuritildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan tadbirda MSA Family Winery kompaniyasi rahbari Sanjar Mirahmedov davlatimiz rahbari tomonidan turizm sohasiga qaratilayotgan e’tibor tufayli bugungi kunda turizmning har xil turlari faol rivojlanayotganini ta’kidladi.
Majmua qishloq xo‘jaligi, gastro-, etno- va agroturizm, shuningdek, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan uzum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zamonaviy ishlab chiqarish kabi bir qator yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan. Bundan tashqari, uzumchilik sohasini yanada rivojlantirish doirasida mahalliy fermerlar bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu go‘zal joy o‘zbek madaniyati, noyob tabiiy manzaralari va zamonaviy infratuzilma uyg‘unlashgan markazga aylanishi kutilmoqda.
MSA Resort loyihasi bir vaqtning o‘zida 1000 va undan ortiq kishini sig‘dira oladigan ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan ko‘p funksiyali maydonlar, jumladan, open-air dam olish va ko‘ngilochar zonalari, etnik uslubda bezatilgan ўтовлар, mehmonxona, restoran, ekokafe va kontaktli hayvonot bog‘ini o‘z ichiga oladi. Majmuaga tashrif buyuruvchilar Markaziy Osiyoda uzumchilik va vinochilik tarixi bilan tanishishlari hamda tarixiy-madaniy merosga bag‘ishlangan markazni tomosha qilishlari mumkin.
Loyiha har yili 20 ming sayyohni jalb etishga qaratilgan. Bu majmuani mintaqadagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan kurort maskanlaridan biriga aylantiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, import o‘rnini bosishdan iqtisodiy foyda yiliga taxminan 1 million dollarni tashkil etadi, bu esa asosan MSA Family Winery vino zavodi faoliyati bilan bog‘liq bo‘ladi. Chunki u Yevropa standartlariga mos ravishda mahsulotlar ishlab chiqaradi. Xalqaro tanlovlarda ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan vino zavodi 2022 yildan buyon Fransiyaning Bordo shahridagi vino muzeyida o‘zbek vinosini taqdim etib kelmoqda.
MSA Resort majmuasi nafaqat muhim turizm ob’ektiga aylanadi, balki, o‘zida did, tabiiy go‘zallik va madaniy almashuv simfoniyasini mujassam etib, O‘zbekistonning boy merosini his etish va o‘rganishdek noyob imkoniyatini taqdim etadi. Maskanning eko-, etno-, agro- va gastroturizm uchun imkoniyatlari katta ahamiyat kasb etadi. Chunki, u nafaqat mahalliy aholiga, balki xalqaro hamjamiyat uchun yangi ufqlarni ochadi.
MSA Resort madaniy aloqalar markaziga aylanadi va O‘zbekistonga jahon turizm xaritasidagi o‘z o‘rnini mustahkamlash, shu bilan birga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga hissa qo‘shadi. Bu nafaqat turizm sohasini rivojlantirishning yangi bosqichi, balki mamlakat madaniy merosi va tabiiy boyliklarini asrab-avaylash hamda yanada ko‘paytirish uchun katta rag‘batdir.
Alpomish Mashrabxonov, O‘zA