Keyingi yillarda Toshkent viloyati Parkent tumanida ham qurilish, bunyodkorlik ishlari olib borilib, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini kuzatish mumkin. Tuman markazi har jihatdan zamonaviylik kasb etmoqda.
Xususan, Parkent tuman davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga ham aholiga qulaylik yaratadi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori Ulug‘bek Muhammadiyev, tuman hokim Nigmat Muxamedov, adliya bo‘limi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining takomillashtirilayotgani aholining turmush tarzini yaxshilash, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhiti va biznesni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

— Avvalgi eski binomiz belgilangan talablarga javob bermasdi, — deydi Parkent tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Jahongir Rizayev.
— Bor-yo‘g‘i 1 ta xonada aholiga xizmat ko‘rsatilar edi. 154 mingdan ortiq aholisi bo‘lgan tuman uchun binoning torligi kunday ravshan edi. Bu esa fuqarolarga ham, xodimlarga ham bir muncha noqulaylik tug‘dirardi. Aholiga qulaylik yaratish, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida yangi markaz binosi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bunyod etildi. Markazimizda sifatli, tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Zamonaviy, o‘ziga xos ko‘rinishga, barcha sharoitlarga ega markaz binosi zarur texnik jihoz va vositalar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu yerda jismoniy va yuridik shaxslarga 150 ga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Markazda bir vaqtning o‘zida 16 nafar, bir kunda 300-400 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan. Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan. Zal bo‘ylab joylashtirilgan 5 ta monitor orqali navbatlar ketma ketligi, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar, xizmatlarni olish tartiblari to‘g‘risidagi ma’lumotlar muntazam namoyish etib boriladi.
Shuningdek, binoda tashrif buyuruvchilarga bir qator qulayliklar ham yaratildi. Kutish zali, bolalar maydonchasi, mo‘’jazgina kutubxona, tibbiyot xonasi va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish joylari mavjud. Eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish xizmati ham yo‘lga qo‘yildi. 2 qavatli, betakror dizayn va mukammal me’moriy yechim bilan qurilgan markazning yangi binosi parkentliklar uchun yangi yil bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi.
A. Musayev, O‘zA