Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parijning oqava quvurlarida koronavirus izi topildi
20:06 / 2020-04-21

Odatda bunday suvdan koʻchalarni tozalashda va boshqa munitsipal ehtiyojlarni qondirishda foydalaniladi.


Parijda Fransiya poytaxtini oqava suvi bilan taʼminlash tashkilotining maxsus “Eau de Paris” laboratoriyasi masʼul xizmatchilari shahardagi mavjud 27 ta texnik suv oqadigan quvurlar tizimidan toʻrttasida koronavirus bilan bogʻliq sezilar-sezilmas asoratlarni topishdi.

Odatda bunday suvdan koʻchalarni tozalashda va boshqa munitsipal ehtiyojlarni qondirishda foydalaniladi. Bu haqda tashkilotdagi manbalarga tayangan holda “France-Presse” agentligi xabar tarqatgan.

Shundan keyin shahar hukumati ehtiyotkorlik nuqtayi nazaridan butun tarmoq faoliyatini toʻxtatib qoʻydi. Shu bilan birga meriyadan virusning oqava suvdan ichimlik suvi tizimiga oʻtishining hech qanday ehtimoli yoʻqligiga ham ishonch bildirishmoqda. Demak, shaharda ichimlik suvidan bemalol, qoʻrqmasdan foydalanish mumkin.

“Ichimlik suvidan tashqari barcha quvurlar tarmogʻi boʻylab Sena daryosi va Urk kanalidan keladigan xom, alohida tozalash tizimi orqali oʻtmaydigan suv oqadi“, — deya vaziyatni izohlashgan shahar maʼmuriyatidagilar. Qolaversa, agentlikdan aniqlik kiritishlaricha, bu ikki bir-biridan mustaqil, ichimlik va texnik suv tarmogʻi Parijda XIX asr oxirlaridan buyon mavjud.

“Arzimas boʻlsa-da, baribir koronavirus alomati chiqdi, shu bois ehtiyotkorlik yoʻlini tanlab, mintaqaviy Sogʻliqni saqlash agentligiga murojaat qildik. Endi tegishli mutaxassislar xavf-xatar mavjudmi yoki yoʻqligini tahlil qilishadi“, — deydi shahar merining ekologiya siyosati boʻyicha oʻrinbosari Selia Bloel.