Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parijda yurtimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari namoyish etildi
14:21 / 2025-12-09

Parij shahrida “Food Ingredients Europe” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Unda 130 dan ortiq davlatdan 1500 nafardan ziyod ishlab chiqaruvchi va mahsulot yetkazib beruvchilar ishtirok etmoqda.

E’tiborlisi, joriy yilda yuqori sifatli mahsulotlar orasida O‘zbekistonda yetishtirilgan sarhil meva-sabzavotlar, quritilgan mevalar, dukkakli va qayta ishlangan mahsulotlar taqdim etilmoqda.

“Food & Drink” Fransiya oziq-ovqat sanoatidagi eng yirik tarmoq hisoblanadi. Bu yuz minglab kompaniyalarni o‘z ichiga oladigan tizim bo‘lib, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti va importiga ixtisoslashgan. Shuningdek, mahalliy iste’molchilar an’anaviylik, sifat va “shaffoflik”ni yuqori baholaydi. Shu ma’noda Parijda o‘tkaziladigan an’anaviy “Food Ingredients Europe” ko‘rgazmasi iste’molchilarga eng sara mahsulotlarni tanlash imkonini beradi. Premium segmentidagi mahsulotlar orasida joriy yil O‘zbekistonning salohiyati ham namoyish etilmoqda.  

Parij ko‘rgazmasi o‘z ko‘lami bilan hayratlantiradi. Unda tashrif buyuruvchilar soni 25 ming nafardan oshgani aytib o‘tilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekiston mahsulotlarini namoyish etish uchun ulkan imkoniyat ekanini anglatadi. Shu sababli O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Markaziy eksport shtabi vakillari O‘zbekiston mahsulotlari namoyishi uchun aynan shu platformani tanladi.

– Ko‘rgazma yaxshi natijalarni beryapti, – deydi o‘zbekistonlik tadbirkor Sardor Abbosxonov.  – Mahsulotlarimizga qiziqish yuqori. Bu kabi ko‘rgazmalarda ishtirok etish O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahonga tanitish, yangi biznes-hamkorlarni topish, eksport-import shartnomalarini muhokama qilib olish imkonini beradi.  

B2B formatdagi uchrashuvlar davomida mamlakatimizda yetishtirilgan uzum eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mahsulotning birinchi partiyasida taxminan 40 tonna mahsulot yuboriladigan bo‘ldi. Ko‘rgazma yakuniga qadar yana bir qator manfaatli shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA