Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parijda Sharqning to‘rt mutafakkiriga bag‘ishlangan “Zij – Burjlar taronasi” asari premerasi bo‘lib o‘tdi
13:22 / 2023-09-09

Parijni san’at, tarix, moda va madaniyat shahri, deb bejiz aytishmagan.

Fransiyaning madaniy markazi sifatida eʼtirof etilgan ushbu shaharda mahalliy va xorijiy fuqarolarga musiqiy dasturlar rang-barangligini taqdim etish, qiziqarli festival va turli anjumanlarni oʻtkazish odat tusiga kirdi.

Parijda Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bagʻishlangan koʻrgazma ochilishi munosabati bilan YUNESKO Bosh qarorgohida atoqli bastakor Dmitriy Yanov-Yanovskiy asarining jahon premyerasi ham boʻlib oʻtdi. Bastakor “Zij – Burjlar taronasi” asarini Sharqning toʻrt buyuk mutafakkiri: Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulugʻbek siymosiga hurmat tariqasida yaratgan.

Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan oʻtkazilayotgan musiqiy loyihada Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri oʻz ijrosi orqali sanʼat ixlosmandlarini yurtimiz tarixiy merosining yangi qirralari bilan tanishtirdi.

– Muhim ahamiyatga ega voqea – YUNESKO bosh qarorgohi tarixiy binosida Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri konsertini qoʻydik. Biz “Zij – Burjlar taronasi” deb ataluvchi ajoyib musiqiy asarini ijro etdik, – dedi Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi tasarrufidagi milliy simfonik orkestri dirijyori Alibek Kabdurahmonov. – Nodir asarlarda buyuk allomalarimiz bilan bogʻliq syujetlar ifodalangan. Tashkilot bosh qarorgohida tadbir oʻtkazish, ayniqsa, Oʻzbekiston nomidan ishtirok etish biz uchun katta sharaf.

Qayd etilishicha, orkestr tarkibida 7-8 nafar, xalq cholgʻu asboblari yoʻnalishida 11 nafar musiqachi ishtirok etdi. Asar 14 qismda ijro etilib, har bir qism muayyan yulduzga bagʻishlangan.

Shuningdek, navbatdagi yirik madaniy tadbir buyuk alloma, fan arbobi Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Musiqiy asarlar, oʻzbek milliy kuylari oqshom ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Ular boy tarixiy-madaniy merosimiz bilan birga mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, sanʼatimizni qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini eʼtirof etishdi.

– Bugungi oqshomda YUNESKO kansert zalida emasdim, goʻyoki, osmonda yulduzlar bilan uchdim, – deya taassurotlarini izhor etdi xorijlik tomoshabinlardan biri. – Oʻzbek musiqasini tinglash barobarida mamlakatingiz betakror va tarixiy sanʼati, madaniyati va urf-odatlari bilan jahon hamjamiyatini oʻziga rom etayotganiga iqror boʻldim. Aslida Fransiya va Oʻzbekiston sanʼati bir-biriga juda oʻxshash, kuy-navolarimiz ohangi uygʻunlashgan.

Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri ijrosi tomoshabinlarni buyuk ilmiy kashfiyotlar muhitiga chorladi. Sanʼat ixlosmandlari oʻzbek ohangini tarannum etuvchi kuy-navolarni yuqori baholagani, ayniqsa, quvonarli.

Shu tariqa, Parij shahrida oʻtkazilgan “Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohatlar” mavzusidagi toʻrt kunlik koʻrgazma yakuniga yetdi.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/R2Wip55KJxk?si=wjeflOFX-ICeiq2C" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Behruz Xudoyberdiyev,

Nishonboy Abduvoitov (video),

O‘zA

Fransiya,  Parij.