Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parijda o‘zbek-fransuz biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
11:14 / 2022-11-21

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi arafasida Parij shahrida o‘zbek-fransuz biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zaro investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishning asosiy omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi munosabatni har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan ushbu tadbirda mamlakatimiz Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev, Fransiya Respublikasi savdo bo‘yicha delegat vaziri Oliver Besht, O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi, "Orano" kompaniyasi boshqaruvi raisi Klod Imoven, tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat yetakchi kompaniya, xolding va harakatlarining 150 dan ziyod vakili ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, mamlakatni global savdo tizimiga integratsiyalash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar yuqori baholandi.

J.Xo‘jayev ishtirokchilar e’tiborini respublikamizga sarmoya kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan qator muhim jihatlarga qaratdi. Xususan, soliq va QQS stavkasi keskin kamaytirilgani, investor huquqi qonunchilik darajasida himoya qilinayotgani, 200 dan ko‘p litsenziya va ruxsatnoma olish bekor qilingani, natijada 2021 yil mamlakat iqtisodiyoti 7 foiz o‘sgani, eksport hajmi 1,5 barobar oshgani, inflyatsiya darajasi 18 foizdan 11 foizga tushgani qayd etildi.

Ma’lumki, iqtisodiyotga xorijiy investitsiya o‘n karra o‘sishi, 72 million aholisi bor Markaziy Osiyo va 300 million kishilik MDH mamlakatlari bozoriga kirish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi. GSP+ Yevropa Ittifoqi benefitsiar maqomi O‘zbekistonga 6000 dan ortiq turdagi tovarni YeI bozoriga imtiyozli shartda eksport qilish imkonini beradi. Hukumat eksport qiluvchilar transport xarajatining 70 foizini qoplashga tayyor. Shuningdek, mamlakatda malakali, iqtidorli va bilimli yoshlar bisyor, qazib olish uchun imtiyozli shart-sharoitga ega ko‘plab tabiiy resurslar mavjud, sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va turizm sohalarida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.

Hukumatimiz istiqbolli qo‘shma loyihalarning 50 foizini moliyalashtirishi, davlat korxonalarini chuqur xususiylashtirishga tayyorligi ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Shu bilan birga eng muhim transport yo‘llari kesishmasida O‘zbekistonning noyob geografik joylashuvi, G‘arb va Sharq, Shimol va Janub o‘rtasida qulay transport yo‘laklari yaratadigan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘llari qurilishi istiqboli forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Qo‘shma loyihalar amalga oshirish, jumladan, “yashil” energetika, farmatsevtika sanoati, avtomobilsozlik, butlovchi qismlar va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish kabi ustuvor tarmoqlarda fransuz tadbirkorlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

Biznes-forum davomida O‘zbekiston va Fransiya vazirlik, idoralari, yetakchi kompaniyalari, xolding va harakatlari rahbarlari o‘rtasida “G2B” va "B2B" uchrashuvi tashkil etilib, ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo bitimlari tuzishning moliyaviy-texnik jihatini batafsil ko‘rib chiqdilar.

O‘zA