Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parijda kurash musobaqasi o‘tkazildi
17:10 / 2022-07-25

Kecha, 24 iyul kuni Fransiya poytaxti Parijda kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.

Parijdagi Eyfel minorasi yonida minglab sayyohlar guvohligida o‘tgan xalqaro kurash turnirida 30 ga yaqin davlat polvonlari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston kurash federatsiyasi.

Mutlaq vazn toifasida o‘tgan bahslarda mamlakatimiz sharafini erkaklar bahsida Sherali Jo‘rayev, Muhsin Hisomiddinov va Muhammadkarim Xurramov himoya qilgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Durdona Abdujabborova gilamga chiqdi.

Og‘ir vaznli polvonlar kurashida Muhammadkarim Xurramov barcha raqiblarini mag‘lub etib, musobaqaning bosh sovriniga ega chiqdi. 2 va 3-o‘rinlar serbiyalik Sulum Zakro hamda makedoniyalik Danov Bobanga nasib etdi.  

Shuningdek, kuchli sakkizlikdan polshalik Kasper Szszurovski, estoniyalik Aleksandr Marmeljuk, gretsiyalik  Papanikolaou Panagiotis, fransiyalik  Gayetan Xuguyes va latviyalik Denis Sokol joy oldi.

Qiz bolalar o‘rtasidagi musobaqada g‘oliblik germaniyalik Grabovski Jasminga nasib etdi. Polsha, Fransiya hamda Belgiya vakilalari sovrindor bo‘lishdi. Hamyurtimiz Durdona Abdujabborova 7-o‘rin bilan kifoyalandi.

Xalqaro turnir yakunlandi. G‘olib va sovrindorlar tegishli darajadagi mukofot va sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

Eng muhimi, yana ikki yildan so‘ng Parij-2024 o‘yinlari o‘tadigan shaharda milliy sportimiz kurash bellashuvlari tufayli o‘zbekona so‘zlar yangradi. Milliy an’analarimiz, xalq hunarmandchilik asarlari namoyish etildi, kuy-qo‘shiqlarimiz ijro etildi.

Bu, Yangi O‘zbekiston yangi imkoniyatlar mamlakati ekanligining yorqin tantanasi bo‘ldi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA