Parij ma’muriyati xonalari konditsioner bilan sovutilgan barcha do‘konlarga elektr energiyasini tejash maqsadida kun davomida eshiklarni yopiq saqlashni buyurdi.
Bu haqda “TASS” xabar bermoqda. Shahar meri Ann Xidalgo "hozirgi favqulodda iqlim va energiya inqirozi sharoitida konditsionerli do‘konlar eshikni yopiq saqlashga majbur", deb yozdi ijtimoiy tarmoqda va bunday chora zarurligini ta’kidladi.
“Le Parisien” gazetasi xabariga ko‘ra, konditsioner ishlagan vaqtda eshik yoki derazasi ochiq turgan do‘kon 150 yevro miqdorida jarimaga tortiladi. Ushbu chora ochiq ayvonli bar va restoranlarga taalluqli emas. Nashr yozishicha, shahar hokimiyati juma kuni imzolagan qaror dushanbadan kuchga kiradi.
Muxbir suhbatlashgan do‘kon egalaridan ayrimlari konditsioner ishlayotgan bo‘lsa-da, eshikni doimo yoki vaqti-vaqti bilan ochiq qoldirishlarini tan olgan. Eshik ochiq bo‘lsa, xaridor ko‘proq keladi, yopiq bo‘lsa, mijozlarni yo‘qotamiz, deydi ular.
Ba’zilar esa yopiq eshik mijozni qo‘rqitib qo‘yishiga ishonmaydi va kiraverishdagi "Ichkari salqin!" yozuvi, aksincha, samara beradi, deb ishonadi.
O‘tgan hafta Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron “France-2” va “TF1” telekanallariga bergan intervyusida korxonalar va oddiy fuqarolar uchun mas’uliyatli energiya iste’moli rejasini tayyorlash niyatida ekanini ma’lum qilgandi.
Makron “energiya tejamkorligi” rejasi “aniq maqsad va raqamli ko‘rsatkichni o‘z ichiga olishi” kerakligi, shaharlardagi ob’ektlar ko‘pincha “befoyda yoritilishi”ni ta’kidlab, ayrim masalalar bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlari bilan maslahatlashuv o‘tkazish zarurligini qo‘shimcha qilgan. Davlat rahbari fuqarolarda jamoaviy mas’uliyat, jumladan, davlat tuzilmalari ko‘rsatishi lozim bo‘lgan o‘rnak orqali uyg‘onishiga umid bildirdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA