Fransiyaning Parij shahrida fuqarolik atom energiyasidan foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan ikkinchi sammit boshlandi. Mazkur xalqaro yig‘inda 40 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Sammitni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kirish so‘zi bilan ochib, atom energetikasi global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda va barqaror energetik xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Yaponiyadagi Fukusima va Ukrainadagi Chernobil halokatlaridan so‘ng yadro energiyasi inqirozga yuz tutdi, biroq energiya suvereniteti va global isishga qarshi kurashish uchun toza energiya manbalarini izlashga xalqaro e’tiborning kuchayishi qiziqishni yana uyg‘otdi.
Jahon yadro assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining taxminan 9 foizi atom energiyasiga to‘g‘ri keladi va 30 ga yaqin mamlakatda 440 ga yaqin reaktorlar mavjud.
BMTning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi (MAGATE) 2050-yilga borib atom energiyasi ishlab chiqarish ikki baravar ko‘payishi mumkinligini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Xitoy allaqachon ishlayotgan 57 ta reaktorga qo‘shimcha 29 ta reaktor qurmoqda.
Xalqaro energetika agentligi (IEA) rahbari Fotih Birolning aytishicha, Yevropa davlatlari ko‘proq qayta tiklanadigan manbalar, jumladan, quyosh va shamol energiyasini ishlab chiqarish va “yadroviy energiya uchun qaytish qilish” orqali energiya suverenitetini mustahkamlashdan manfaatdor.
Konferensiya doirasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-texnik tajriba almashish hamda ekologik toza energiya manbalarini kengaytirishga qaratilgan bir qator kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Ekspertlar fikricha, atom energetikasidan samarali va xavfsiz foydalanish global energetika tizimining barqarorligiga sezilarli hissa qo‘shishi mumkin.
O‘.Alimov, O‘zA