Kecha Parijda Yevropa xavfsizligi, Rossiya va AQSH muzokarasi bo‘yicha hamda RF – Ukraina mojarosini muhokama qilish maqsadida favqulodda yig‘ilish tashkil etildi.
Uchrashuvda Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya, Niderlandiya va Daniya rahbarlaridan tashqari Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen, Yevropa Kengashi rahbari Antonio Kosta va NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ham qatnashgan.
Tadbir yakuni bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolanmadi, matbuot anjumani ham uyushtirilmadi. Polsha Bosh vaziri Donald Tusk jurnalistlarga aytishicha, sammitda Rossiya – Ukraina masalasida hech qanday qaror qabul qilinmagan.
Shunday bo‘lsa-da, barcha ishtirokchilar ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha fikr bildirgan.
Ursula fon der Lyayen: Ukraina tinchligi ishonchli xavfsizlik bilan kafolatlanishi lozim
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen yig‘indan so‘ng Ukrainada o‘rnatilajak tinchlik ishonchli xavfsizlik kafolati bilan mustahkamlanishi shartligini ta’kidladi.
– Biz Parijda Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi hurmat qilinadigan, ishonchli xavfsizlik kafolatiga ega tinchlikka loyiq ekanini tasdiqladik, – deb yozgan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. –Yevropa Ukrainaga ko‘rsatiladigan harbiy yordamning to‘liq ulushini zimmasiga oladi. YeI o‘z mudofaasini kuchaytirishi kerak.
Starmer: Ukrainani qo‘llab-quvvatlash susayishi – katta xato

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning fikricha, Ukraina mojarosini hal qilish jarayonining ehtimoliy boshlanishi sharoitida Kiyevga yo‘naltirilayotgan yordam qisqarishi katta xato bo‘ladi:
– Muzokara ehtimoli yaqinligi uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan chekinish vaqti keldi, deb o‘ylash jiddiy xato bo‘lardi. Men yordam miqdorini oshirishimiz kerak, deb hisoblayman va bu fikrni ko‘p oydan beri aytib kelyapman. Shuningdek, kuch bilan tinchlikka erishish tamoyiliga amal qilish zarur.
Shols: YeI Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi zarur

YeI Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak, Kiyev bu borada Yevropaga umid qilishi mumkin, dedi Germaniya Kansleri Olaf Shols Parij sammitini sharhlarkan.
Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, ushbu anjuman Yevropa uchun qiyin vaziyatda zarur, to‘g‘ri va norasmiy fikr almashishdir. U ko‘hna qit’a davlatlari rahbarlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan holda, vaziyatni qanday hal qilishni rejalashtirayotgani, shuningdek Yevropa xavfsizligi masalasini muhokama qilayotganini ta’kidladi:
– Mutlaqo tushunarli: biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz kerak. Ukraina esa bu masalada bizga tayanishi va umid qilishi mumkin.
Kaya Kallas: Ukraina g‘arb davlatlaridan faqat harbiy yordam kutyapti

O‘tgan yilgi Myunxen xavfsizlik konferensiyasida RF – Ukraina urushi to‘xtashidan umidvorlik bor edi, hozirgi kayfiyat esa buning aksi, dedi Estoniyaning sobiq Bosh vaziri, YeI xorijiy ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Kaya Kallas.
– Ukraina G‘arb davlatlaridan faqat harbiy yordam so‘rayapti, ko‘p narsa emas,. – deya ta’kidladi u. – O‘tgan yil G‘arb Ukrainaning qarshi hujumidan umidvor bo‘lgan, ammo hozir vaziyat aksincha. Shunday bo‘lsa-da, tushkunlikka tushishning hojati yo‘q, balki nima qilish mumkinligiga e’tibor qaratish kerak. Holatga ijobiy baho bersak, juda ko‘p davlatlar Ukraina uchun yanada ko‘proq ish qilish kerakligini anglab yetishganini ko‘ramiz. Afsuski, buni tushunmaydigan davlatlar ham bor-ki, garchi omborida Ukrainaga berishi mumkin bo‘lgan qurollar bo‘lsa ham.
Italiya Bosh vaziri sammitdan norozi

Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni fikricha, Fransiya Prezidenti tashkil etgan sammitning formulasi noto‘g‘ri tuzilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha davlatlar o‘z nuqtai nazarini bildirishi uchun Bryussel qulay edi.
Meloni Amerika vitse-prezidenti Jey Di Vensning Yevropaga yanada ko‘proq mustaqillik berish zarurligi haqidagi qarashini ma’qullab, bunday tadbirlar Trampga qarshi maydonga aylanib qolmasligi kerakligini aytgan. – Rossiya – Ukraina mojarosiga barham berish masalasida Amerika yetakchisi bilan hamkorlik qilish muhim, – degan u.
Makron Tramp va Zelenskiy bilan gaplashdi

Yevropalik bir necha yetakchilar uchrashuvidan so‘ng Tramp va keyin Zelenskiy bilan gaplashdim, – deb yozdi Makron ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
U yevropaliklar, amerikaliklar va ukrainaliklar uzoq muddatli tinchlik uchun birga harakat qilishlari zarurligini aytdi. Shu maqsadda yevropaliklar suverenitet, xavfsizlik va raqobatbardoshlik bo‘yicha o‘z kun tartibini amalga oshirishni tezlashtirish istagida ekaniini qo‘shimcha qildi.
Slutskiy: Parij sammiti muvaffaqiyatsiz tugadi

Parijdagi sammit Rossiya – Ukraina ziddiyatidan chiqishning haqiqiy yo‘llarini taklif qila olmaydi, Fransiya va Germaniya Minsk kelishuvi bilan hammani aldab, o‘zlarini obro‘sizlantirishdi, – dedi Rossiya Davlat Dumasi Xalqaro ishlar qo‘mitasi rahbari Leonid Slutskiy.
– Ular muzokarada vositachilik roliga da’vo qila olmaydilar, – deya qo‘shimcha qilgan mulozim idtimoiy tarmoqda.
S.Rahimov, O‘zA