O‘zbekiston boks federatsiyasida milliy terma jamoa a’zolari hamda hududiy bo‘lim mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Boks bo‘yicha Jahon va qit’a chempionlari, Olimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari, ularning murabbiylari ishtirok etgan yig‘ilishda joriy yil Bolgariyada yakunlangan «Stranja» turniri sarhisobi, "Parij-2024" Olimpiadasining saralash musobaqalari, Xitoyda o‘tadigan Osiyo o‘yinlari hamda joriy yil 1-14 may kunlari Toshkentda o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov yig‘ilishda yuqoridagi musobaqalarning ahamiyati, har bir bokschining texnik-taktik tayyorgarlik holati, viloyat boks federatsiyalaridagi mavjud vaziyat, iqtidorli yosh bokschilarni saralash tizimi, bajarilgan ishlar va kelajakdagi rejalar xususida to‘xtaldi.
Muhokamalar yakunida hududiy bo‘lim rahbarlari, terma jamoa murabbiylari, mutaxassislarga qilinishi kerak bo‘lgan ishlar mundarijasi bo‘yicha aniq vazifalar yuklandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA