Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Parij-2024": yagona maqsad atrofida birlashganlar yorqin g‘alabalarni ta’minlay oladi
11:10 / 2024-07-23

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ommaviy sport va olimpiya harakatini kengaytirishga oid ishlar yuzasidan mutasaddilarning axborotini tinglash asnosida Fransiya poytaxti Parij shahrida boshlanayotgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik holati bilan ham tanishib chiqdi.

Axborotda keltirilganidek, joriy yilning 6 iyul-11 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida 206 ta mamlakatdan 10 mingdan ortiq sportchi qatorida mamlakatimizning 90 nafar sportchisi 19 ta sport turining 75 ta yo‘llanmasi doirasidagi «Parij-2024» medallari uchun kurash olib boradi.   

O‘zbekiston sportchilari bu yil an’anaviy sport turlaridan tashqari ilk bor futbol, suvga sakrash, kamondan otish, ayollar kurashida g‘oliblik uchun kurashish imkoniga ega bo‘lgani, olimpiyachilarimizning 36 foizi xotin-qizlardan iboratligi e’tirof etildi.   

Xo‘sh, bu galgi Olimpiya o‘yinlarida natijalarimiz qay ko‘rinishda bo‘ladi? Prognozlar, ekspertlarning fikr-mulohazalaridagi «ob-havolar» nimalarni anglatadi? Aynan qaysi sportchilarimizdan, qaysi sport turlaridan yorqin g‘alabalarni kutish mumkin?   

Bugun keng sport jamoatchiligi, ming-minglab sport ixlosmandlari, murabbiy va mutaxassislar bilan suhbatlashsangiz, mavzu o‘z-o‘zidan «Parij-2024» tegrasidagi gap-so‘zlarga qaratilmoqda. Suhbatlar, bildirilayotgan fikr-mulohazalarda hamyurtlarimiz futbolchilarimiz, dzyudochilarimiz, bokschilarimizdan yuksak g‘alabalarni kutayotganini bot-bot takrorlanmoqda.   

Bugun xalqimiz Temur Kapadze boshchiligidagi futbolchilarimizdan, Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov, Nigina O‘ktamova kabi bokschilarimizdan, Davlat Bobonov, Muzaffarbek To‘raboyev, Doston Ro‘ziyev, Sharafiddin Boltaboyev, Diyora Keldiyorovadan iborat dzyudochilarimizdan, Ulug‘bek Rashitov, Svetlana Osipovadek taekvondochilarimizdan, qilichboz qizimiz Zaynab Dayibekova, og‘ir atletikachimiz Akbar Jo‘rayev va boshqa olimpiyachilarimizdan Parij sport maydonlarida o‘ziga xos natijalarni kutmoqda.   

Aytish lozim, terma jamoalarimiz, alohida sportchilarimiz ushbu nufuzli musobaqaga yuqori darajada hozirlik ko‘rdi. Har bir sportchi bo‘yicha tegishli mutaxassislar, ekspertlar tomonidan individual strategiya ishlab chiqilib, qabul qilindi. Olimpiya o‘yinlari yo‘lidagi saralash musobaqalarida, reyting beradigan turnirlarda kerakli natijalarga erishish borasida g‘ayrat ko‘rsatildi. O‘tkazilgan mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulotlarda, mamlakatimizdagi 15 ta olimpiya va paralimpiya markazida hamda viloyatlardagi sport bazalarida tayyorgarlik uchun davlatimiz tomonidan zarur sharoitlar yaratildi.   

Bundan tashqari, sportchilarni tizimli tarzda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, antidoping qoidalari bilan doimiy tanishtirib borish, tibbiy-biologik ta’minot va farmakologiya yo‘nalishlarida zarur choralar ko‘rildi. 

E’tiborga munosib bo‘lish, Vatan sha’nini xalqaro sport maydonlarida ulug‘lash ne chog‘li mashaqqatli mehnat va izlanish talab qilishini murabbiy-ustozlar yaxshi anglaydi.   

Jahon sport olamida o‘z nomi va Vatan dovrug‘ini yuksaltirib kelayotgan nomdor sportchilarimizning shunday maqomga ko‘tarilishi davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sport rivojiga e’tibor mahsuli ekanligini ta’kidlagan holda aytish lozim, «Parij-2024» Olimpiadasi mamlakatimiz sport mutasaddilarining, murabbiylarning, mutaxassislarning professional faoliyatini ham imtihondan o‘tkazadi.   

Bu yo‘lda yorqin g‘alabalar barchamizga yor bo‘lishini xalqimiz, keng sport jamoatchiligi qalb-qo‘ri bilan istayotgani ham shundan. Zero, birlashgan, yagona maqsad atrofida jipslashganlargina yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalari ta’minlanishiga hamisha qodir bo‘lib qolaveradi.   

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA