11 avgust – XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining so‘nggi kuni. Aynan bugun «Parij-2024»da umumjamoada yetakchilikka kimlar erishishiyu, davlatlarning to‘rt yillik musobaqalarni qaysi pog‘onada yakunlashiga oydinlik kiritiladi.
Hozircha medallar uchun kurashayotgan mamlakatlar orasida AQSH va Xitoy sport jamoalari yetakchilikka asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.

Umumjamoada Olimpiya o‘yinlari yakunlanishiga bir kun qolganda Xitoy sportchilari 39 ta oltin, 27 ta kumush, 24 ta bronza, jami 90 ta medal bilan yetakchiga aylanib olgani o‘ziga xos burilish nuqtasi bo‘ldi. 2-o‘rinda borayotgan AQSH olimpiyachilari 38 ta oltin, 42 ta kumush, 42 ta bronza, jami 122 ta medal jamg‘argan holda Xitoyoni ta’qib etmoqda. 3-o‘rinda borayotgan Avstraliya sport delegatsiyasi hissasiga 18 oltin, 18 ta kumush, 14 ta bronza, jami 50 medal to‘g‘ri kelgan.

Xo‘sh, shunday vaziyatda AQSH o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda Xitoydan peshqadamlikni tortib olib, yana karvonboshilikka erisha olarmikan?
Bugun kun davomida okean orti vakillari basketbol va voleybol musobaqalari finalida, shuningdek, yengil atletika, zamonaviy beshkurash, velotrek kabi sport turlarida g‘oliblikka asosiy nomzodligini, Xitoy sportchilarining og‘ir atletika, sport kurashlari, zamonaviy beshkurashda kuchlilar qatorida e’tirof etilayotgani inobatga olinsa, 1 ta oltin medal farqi va umumiy sovrinlar holatida birinchi o‘rinda borayotgan Xitoy vakillarini amerikaliklar quvib yetishi mumkindek, nazarimda.

Biroq sport musobaqalari kutilgan va kutilmagan natijalarga boyligidan kelib chiqsak, hozirdan biron fikr aytish qiyin. Lekin o‘tgan Olimpiya o‘yinlari sarhisobi, Rossiyasiz kechayotgan Parij olimpiadasida xitoyliklarning ko‘rsatayotgan shiddati umumjamoadagi 1-o‘rin ilk bor Osiyoga yo‘l olishini anglatmoqda.
Shu o‘rinda, jahon sportida o‘z salohiyatini namoyish etib, tarixiy natija qayd etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasining 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan 13-o‘rindan joy olganini ta’kidlamoq lozim. Olimpiya o‘yinlarida shov-shuvli natijaga erishgan sport jamoamizdan ortda qolayotgan Vengriya va Italiya jamoalarining 5 ta, Shvetsiya, Keniya, Norvegiya, Irlandiya 4 ta, Braziliya, Ukraina, Eron, Ruminiya, Belgiya kabi bir qator mamlakatlarning 3 tadan oltin medalli ekani olimpiyachilarimiz joylashgan o‘ringa ularning hech biri yaqinlasha olmayotganligini ko‘rsatmoqda.

Yangi O‘zbekiston sportining oltin sahifasini ochgan olovqalb sportchilarimiz ushbu natija bilan Turkiy davlatlar, musulmon mamlakatlar, hamdo‘stlik davlatlari orasida yetakchilikka erishdiki, bu, O‘zbekiston sportining xalqaro mavqei yildan yilga yuksalayotganini, yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish, mahoratli sportchilarni tanlash, saralash, yo‘naltirish tizimida izchil islohotlar samarali olib borilayotganini anglatmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA