Milliy olimpiya qo‘mitasi joriy yil iyul – avgust oylarida Fransiya poytaxti Parijda o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga hozirlik ko‘rayotgan sport federatsiyalariga birinchi chorak holatida qancha mablag‘ yo‘naltirgani to‘g‘risidagi ma’lumotni e’lon qildi.
Aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari tomonidan "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.
Keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, 2024 yilning birinchi choragi davomida "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan 20 ta sport federatsiyasi va uyushmalar taqdim etgan talabnomalar asosida mahalliy hamda xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari uchun 73 milliard 355 million 700 ming so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirilgan va moliyalashtirilgan.
Bundan tashqari, Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va uyushmalarning ustav xarajatlari, milliy terma jamoa sportchilari uchun anjom va maxsus inventarlar xaridi, ularning tibbiy-biologik ta’minoti, nufuzli turnir va chempionatlarda ishtiroki bilan bog‘liq xarajatlar ham davlatimiz tomonidan moliyalashtirib kelinmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA