Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Parij-2024": ko‘rsatkichlarimiz "Tokio-2020"dan yaxshilanadimi?
11:01 / 2024-09-05

Fransiya poytaxti Parijda davom etayotgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida Xitoy paralimpiyachilari 62 ta oltin, 46 ta kumush, 27 ta bronza jami 135 ta medal bilan yakka yetakchiga aylanib oldi. Keyingi pog‘onada Buyuk Britaniya va AQSH jamoalari turibdi. O‘yinlar yakunlanishiga yana 4 kun bor. "Parij-2024" Paralimpiya o‘yinlarida sovrinli o‘rinlar uchun qizg‘in kurashlar kechayotgan ayni pallada Xitoy muddatidan avval 1-o‘rinni egallashga ulgurdi.

Xo‘sh, o‘zbekistonlik paralimpiyachilarning ko‘rsatajak natijalari qay ko‘rinishda bo‘ladi? Bugungacha mamlakatimizning matonatli paralimpiyachilari 6 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan 12-o‘rinda borayotgani, bugun va keyingi kungi musobaqalarda para dzyudo, para pauerlifting, para yengil atletika, para suzish kabi sport turlarida sovrinli o‘rinlarga o‘zbekistonlik matonatli sportchilar da’vogarlik qilishini nazarda tutsak, ko‘rsatkichlarimiz "Tokio-2020" o‘yinlaridan yaxshilanishiga umid qilsak bo‘ladi.  

Aytish lozim, Yaponiyada o‘tkazilgan XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz para sportchilari 8 ta oltin, 5 ta kumush, 6 ta bronza medali bilan umumjamoada 16-o‘rinni egallagandi. O‘shanda mamlakatimiz para sportchilari sovrinli o‘rinlarni para dzyudo, para yengil atletika, para taekvondo, para pauerlifting, para suzish dasturlarida qo‘lga kiritgandi.  

Bugun 15 ta sport turida musobaqalar tashkil etilsa, shundan 12 tasida 95 ta medallar jamlanmasi uchun kurashlar bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimizning 9 nafar irodali sportchilari kun davomida para dzyudo, para yengil atletika, para suzish va para pauerlifting dasturlarida ishtirok etadi.  

Eslatib o‘tamiz, Fransiya sport maydonlaridagi Paralimpiya o‘yinlari 8 sentyabrga qadar davom etadi.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA