Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi 2024 yili Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun reyting ballari o‘ynaladigan turnirlarni, vazn toifalarni hamda ishtirokchi davlatlarga ajratiladigan o‘rinlar sonini rasman tasdiqladi.
Unga ko‘ra, "Parij-2024" Olimpiadasida 60 nafar erkak va 60 nafar ayol sportchilar to‘rt yillik musobaqaning sovrinli o‘rinlari uchun da’vogarlik qiladi.
Dunyoning eng kuchli og‘ir atletikachilari 61, 73, 89, 102 va +102 kilogramm vaznlarda kurash olib borsa, ayollar 49, 59, 71, 81 va +81 kiloda Olimpiya o‘yinlari medallar uchun bahslarda qatnashadi.
Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan sportchilar ro‘yxati ularning reyting ochko taqdim qiluvchi musobaqalardagi natijalariga qarab shakllantiriladi. "Parij-2024" yo‘llanmasiga ega bo‘lish uchun sportchilar kamida Olimpiya o‘yinlari uchun belgilangan 5 ta reyting turnirida ishtirok etishlari shart. Ularning ikkitasi majburiy. Bular 2023 yil 2-17 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonida o‘tadigan Jahon chempionati va 2024 yil 2-11 aprel kunlari Tailandda bo‘ladigan jahon kubogi hisoblanadi.
"Parij-2024" Olimpiadasida qatnashishga talabgor sportchilar Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi dasturiga asosan belgilangan beshta musobaqaning uchtasida qatnashgan bo‘lishi talab etiladi. Ular 2022 yil 5-16 dekabr kunlari Kolumbiyada o‘tgan Jahon chempionati, 2023 yil 3-13 may kunlari Janubiy Koreyada tashkil etiladigan qit’a chempionati, 2023 yil dekabrda Qatar davlatida o‘tishi kutilayotgan Gran pri musobaqasi va 2024 yil 5-15 fevralda O‘zbekiston qabul qiladigan qit’a chempionatlari.
Aytish lozimki, ajratilayotgan olimpiya kvotalari vazn toifalarida teng taqsimlanishi uchun hech bir mamlakat beshta erkak va beshta ayol sportchi bilan "Parij-2024"da ishtirok eta olmaydi. Har bir mamlakatdan ko‘pi bilan 6 nafar (3+3) sportchi "Parij-2024" Olimpiadasida ishtirok etishi mumkin. Bordiyu qaysidir jamoa 4 yoki undan ortiq yo‘llanmaga ega chiqsa, majburiy ravishda 3 nafardan sportchisini tanlashi lozim bo‘ladi.
"Parij-2024" reyting ochkolari uchun kechadigan Olimpiya tizimining biz uchun e’tiborli jihati, ushbu musobaqalardan biri Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Bu esa Fransiya poytaxtida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarining zarur ballarini tuplashda yurtimiz og‘ir atletikachilari uchun qo‘l kelishi shubhasiz.
Ammo, kelgusi yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari hamda Saudiya Arabistonida bo‘ladigan Jahon chempionatlari muddati yaqin bo‘lib qolganligi og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining murabbiy va mutaxassislarini, sportchilarini tanlov borasida ayrim muammolarni keltirib chiqarishi ehtimoldan yiroq emas.
Eslatib o‘tamiz, "Xanchjou-2022" Osiyo o‘yinlari 27 sentyabr – 4 oktyabr kunlari, jahon chempionati esa 2-17 sentyabr kunlariga belgilangan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA