Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parhez mahsulot mo‘l bo‘ladi
12:39 / 2015-07-30

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan baliqchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan baliqchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning qishloq xo‘jaligini isloh qilish, aholining tabiiy va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la ta’minlash, xususan, baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi «Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samarasida baliqchilik tarmog‘i rivojlanib, ixtisoslashgan xo‘jalik va korxonalar soni, ularda yetishtirilayotgan mahsulot hajmi tobora ortib bormoqda.

Namangan viloyatida mazkur tarmoq rivoji yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilayotir. Baliqchilik xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangilarini tashkil etish, buning uchun yer maydonlari ajratish, kafolatli suv hamda zarur texnik jihozlar bilan ta’minlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, banklar tomonidan kredit ajratish, tabiiy va sun’iy suv havzalarini tender asosida aholiga ijaraga berish shular jumlasidandir.

Viloyatdagi 229 baliqchilik xo‘jaligida joriy yilning birinchi yarmida 480 tonnadan ziyod baliq yetishtirildi. Ayni paytda baliqchilik xo‘jaliklari va korxonalari tasarrufidagi 2 ming 400 gektar sun’iy suv havzalarida olti million donadan ortiq sazan, oq amur, karp, do‘ngpeshona kabi baliq chavoqlari parvarishlanmoqda. Joriy yilda ular tomonidan 2 ming 400 tonnadan ortiq baliq mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan. Bunda “Namangan baliq” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Ko‘ktoy baliq”, “Navro‘z baliqchi”, “Farg‘ona forel”, “Ilhom baliqchi”, “Umid-dil baliqchi”, “Akbarali” singari fermer xo‘jaliklarining hissasi katta bo‘layotir.

“Namangan baliq” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyatdagi eng yirik xo‘jaliklardan biri. 520 gektar sun’iy havzada oq amur, do‘ngpeshona, sazan baliqlari parvarishlanayotgan xo‘jalikda 70 kishi mehnat qiladi. Jamiyat tomonidan o‘tgan yili 434 tonnadan ziyod baliq yetishtirildi.

– Bu yil 580 tonna mahsulot yetishtirishni rejalashtirganmiz, – deydi «Namangan baliq» mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Rustamjon Tillaqo‘ziyev. – Shu maqsadda 11 havzaga 750 mingdan ziyod baliq lichinkasi tashlandi. Mahsulotning 30 foizini maxsus muzlatgich omborlarda saqlaymiz. Bu mavsumlar oralig‘ida bozorda baliq mahsuloti uzilishining oldini olish, shartnoma asosida ta’minot muntazamligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilda 30 yangi loyiha asosida 200 gektar sun’iy havzada baliqchilik tashkil etish, 120 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan edi. Bu maqsadlar uchun 2 milliard 60 million so‘m sarmoya, jumladan, 1 milliard 236 million so‘m bank krediti yo‘naltirildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida rejadagi ishlar ortig‘i bilan uddalandi. Jumladan, 300 gektardan ziyod havzada baliqchilikka ixtisoslashgan 45 xo‘jalik tashkil etildi. 153 yangi ish o‘rni yaratildi. Mingbuloq tumanidagi “Jo‘rayev Umarjon”, “Hamdamova Dilnoza”, “Mamadaliyev Fazliddin” fermer xo‘jaliklari, Namangan tumanidagi “Ibrohimov Muzaffar”, “Sherbuloq baliqlari” fermer xo‘jaliklari, “Madina Maftuna Akram” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Kosonsoy tumanidagi “Osmon sayyorasi”, “Parpiyev Murodillo”, “Holiqov Hasanboy”; To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Nomir Tolib”, “Rahmonov Mansurjon”, “To‘raqo‘rg‘on obod zamin” fermer xo‘jaliklari shular jumlasidandir.

Erishilayotgan yutuqlarda baliqchilikka intensiv usullar joriy etilayotgani muhim omil bo‘layotir. Jumladan, sohada qo‘llanilayotgan sadok, ya’ni qafas usuli samarali bo‘lmoqda. Viloyat davlat soliq boshqarmasi, viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, “Norin-Sirdaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va tuman hokimliklari bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar tufayli joriy yilda 140 sadok ishga tushiriladi. Ayni paytda 15 xo‘jalikda sadoklar o‘rnatilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, sohani rivojlantirish uchun ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida olib borilayotgan chora-tadbirlar viloyatda baliqchilikni rivojlantirish, eng muhimi, bozorda g‘oyat foydali va parhez mahsulot – baliqning serobligini ta’minlaydi.