Mardu maydonlar
Toshkent harbiy okrugi “Markaz” desantchilar tayyorlash bazasiga bordik. Harbiy xizmatchilar yer tayyorgarligi mashqlarini olib borayotgan ekan. O‘ndan ortiq o‘quv joyida guruhlar yo‘riqchilar nazoratida berilgan vazifalarni bajarmoqda. Bir tomonda parashyutni taxlash ishlari bo‘yicha bilimlar mustahkamlanyapti, boshqa bir guruh harbiy xizmatchilari esa yerga qunish, sakrash kabi mashqlarini navbatma-navbat ado etyapti.

– Ko‘kda qalqon, yerda posbon deyishadi desantchilarni, – deydi podpolkovnik Xayrulla Akromov. – Haqiqatdan ham shunday. Chunki, bu bo‘linmada xizmat olib borayotgan o‘g‘lonlar nafaqat yerdagi berilgan vazifalarni tezkor bajaradi, balki samo uzra parvoz etib, topshiriqlarni a’lo darajada uddalaydi. Aslida maqsadimiz ham Vatan himoyachilarining ayni ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashdan iborat. Bugungi mashg‘ulotlar o‘quv yili rejasiga ko‘ra olib borilmoqda. Unga Mudofaa vazirligi desant bo‘linmalari jalb etilgan.
Darvoqe, bu yerdagi jarayonlarda ishtirok etayotgan desantchilar mamlakatimizning turli hududlarida xizmat qiladi. Bugun ular bir joyda jam bo‘lib, vazifalarni bajaryapti. Biroq joy notanish. Bu esa, azamatlardan yanada sinchkovlik bilan harakat qilishni talab etadi.

– Kishi doimiy bir joyda harakat olib borsa, natijada u o‘sha hududni to‘liq o‘rganib oladi, – deydi podpolkovnik Zohid Avazov. – Qaysidir ma’noda bu yaxshi. Lekin u notanish hududda avvalgi natijalarni ko‘rsata olmasligi mumkin. Chunki o‘sha hududni o‘rganish kerak, ma’lumotlarni to‘plash lozim. Bu esa, ko‘p vaqt yo‘qotish degani. Mana shu jihatlarni inobatga olib, harbiy xizmatchilar mutlaqo notanish joylarda ham o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymagan holda topshiriqlarni bajarishga o‘rgatyapmiz.
– Yerda olingan bilim, ko‘kda o‘z natijasini beradi, – deydi leytenant Behruz Yo‘ldoshev. – Shu sabab ham biz yerdagi tayyorgarlik mashqlarini bosqichma-bosqich olib boramiz. Bunda har bir jihat e’tiborga olinadi. Chunki aynan shu joydan samodagi vazifalarning muvaffaqiyati boshlanadi. Desantchi esa, buni yaxshi biladi va shunga monand harakat qiladi. Ochig‘i, hayajon bor. Sababi bugun ilk bor parashyut bilan amaliy sakrayman. Ustozlardan eshitganman, ham zavqli va biroz xavotirli kechar ekan. Lekin shu kunga qadar qo‘l urgan ishimni uddasidan chiqib keldim. Bu gal ham ko‘zlangan marrani, ya’ni sakrashni bekamu ko‘st uddalayman.

Parashyut bilan amaliy sakrash jarayonlarigacha yigitlar muhim va qator tayyorgarliklardan o‘tadi. Bunda hech bir jihat esdan chiqmadi. Mutaxassislar mayda detallargacha diqqat qaratdi. Chunki desantchilarning muvaffaqiyatli sakrashlari yerda olib borilgan o‘quvlarga ham bog‘liq, albatta. O‘zi, umumman, havo kengliklarida parvoz etishda takrorlanmas hissiyot insonni qamrab oladi. Qo‘ruvning iskanjasidan faqatgina axloqiy-ruhiy sifatlari mustahkam, o‘ziga ishongan va mashqlarda har tomonlama toblangan kishigina tezda chiqib keta oladi, berilgan vazifani bajarishga qodir bo‘ladi.
Kun ochiq. Quyosh tog‘lar ortidan sekin bosh ko‘taryapti. Tonggi esib turgan mayin shabada maysalarni erkalab, uyg‘otmoqda. Bunda qalbga ham huzur va iliqlik kirib keladi. Vatan ishqida yongan va hamisha ana shu yo‘lda sobit turib, oliy maqsadlari sari dadil odimlayotgan yurt o‘g‘lonlari mashq va mashg‘ulotlarda kasbiy tayyorgarliklarini oshiradi. Yangi bilimlar va usullarni o‘rganadi. Muhimi, qo‘llanilayotgan uslublar bir-birini sira ham takrorlamaydi. Ana shuning uchun ham desantchilar ilg‘or va tezkor. Ular hamisha va hamma vaqt berilgan topshiriqlarni kutilganidan-da a’lo darajada ado etish imkoniga ega bo‘linma sanaladi.

Desantchilarga uzoqdan nazar tashlayman: hammalarining ko‘zida qat’iyat, ishonchni ko‘raman. Ular shunchaki, parashyut bilan sakramaydi, balki shu orqali o‘zlaring jasoratini, azmu shijoatini amalda ko‘rsatadi.
Yana bir gap: bugun desantchilar orasida 200, 1 000, 3 000, 5 000 va hatto undan ham ziyod amaliy sakragan tajribali harbiylar bilan bir qatorda havo kengliklarini endi zabt etishni maqsad qilgan Vatan himoyachilari va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining kursantlari ham bor.

«Parashyut kiyish chizig‘i», «Guruh komandiri tekshiruv chizig‘i», «Vzvod komandiri tekshiruv chizig‘i»... Bu ketma-ketlik harbiy xizmatchilarni havo sarhadlari tomon tobora yaqinlashtirib bormoqda. Xullas, jarayonlar boshlandi. Desantchilar guruhlarga bo‘lingan holda, “D-6”, “Berkut-2”, “Malva aksioma” kabi parashyutlardan navbatma-navbat belgilangan hududga muayyan qo‘shimcha yuklar bilan sakrash jangovar vazifasini bajaradi. Uchishga tayyor desantchilar Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli Mi-8 harbiy vertolyoti bortidan joy oldi.
Albatta, havo desant bo‘linmalari milliy armiyamizning suyanchi, tayanchi va mamlakatimizning eng ishonchli qalqonidir. Chapdast, mard va jasur o‘g‘lonlar har vaqt o‘zlashtirgan yangi bilimlarini, ko‘nikmalarini mana shunday o‘quvlarda mustahkamlaydi.

Havo transporti dastlab 600 metrga ko‘tarildi. So‘ngra, birinchi guruh vertolyotdan birma-bir sakrashni boshladi. Keyin 1 200 metr balandlik zabt etildi. Navbat 3 000 metrga yetgach, keyingi guruhning parashyutlari ochilgani ko‘rindi. Ular juda mayda va shu bilan birga yerga qarab tez uchardi. Bulutlar orasidan shahd bilan kezib borayotgan vertolyotdan sakrashni boshlagan harbiylar ko‘p o‘tmay bir chiziqqa, turnalardek saf tortib oldi. Oraliq masofani saqlab, belgilangan hududga qarab uchib kelayotgan azamatlarning ham shijoati, ham kasbiy tayyorgarligi va eng muhimi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi sinovdan o‘tyapti.
Yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, unga hamisha va hamma vaqt qalqon bo‘lish haqiqiy mard va jasur, sadoqatli, sodiq o‘g‘lonlarning burchi, aslida. Ana shu mas’uliyat, fidoyilik qalbida jo‘sh urgan azamatlar bugun navbatdagi sakrashlarni ham muvaffaqiyatli yakunladi.

Shohrux SAIDOV, kapitan,
“Vatanparvar” muxbiri.
O‘zA