2025 yilning 10-13 dekabr kunlari Dubayda o‘tkazilgan V Paraosiyo o‘yinlarida yurtimiz parasportchi yoshlari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Musobaqada yurtimiz terma jamoasi jami 197 ta medalni qo‘lga kiritib, 35 davlat orasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Quvonarlisi, faxrli chempionlar safida yurtimiz sharafini himoya qilgan 14 nafar vohalik sportchilarning barchasi sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi. Ular orasida Osiyo o‘yinlarining o‘zida amaldagi Osiyo va jahon rekordini yangilagan Baxriddin Xolbo‘tayev ham bor.
Baxriddin Xolbo‘tayev 2008 yilda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi Qishloqqozon mahallasida tug‘ilgan, parapourlifting bilan 2 yildan buyon shug‘ullanadi. Sportga bo‘lgan oddiy qiziqish uning yuragiga katta orzularni, maqsadlarni olib kirgan. Tuman, viloyat va respublika musobaqalarida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib yurgan yurtdoshimizni bugun dunyo tan oldi.
[gallery-27032]
– Birinchi marotaba xalqaro darajadagi musobaqada ishtirok etdim, - deydi Baxriddin Xolbo‘tayev. – Qo‘rquv, hayajon bor edi ichimda. Lekin mendagi sabr, matonat va maqsad hamma narsadan ustun keldi. Maqsad bo‘lsa kim uchun, nima uchun harakat qilayotganingizni bilsangiz o‘ylaganingizdan ham ko‘proq narsaga erisha olar ekansiz. Bu g‘alaba – shunchaki medal yoki rekord emas. Bu –irodaning, orzu va ishonchning zafaridir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/scOhZf72V1s?si=UwxMa7YlivYGOLUo" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat,video),O‘zA