French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paralimpiyachilarimizning Jakartadagi muvaffaqiyati
22:00 / 2018-10-15

Indoneziyaning Jakarta shahrida oʻtkazilgan III yozgi Paraosiyo oʻyinlarida sportchilarimiz 35 oltin, 24 kumush va 18 bronza medalini qoʻlga kiritib, yurtimizga yorugʻ yuz bilan qaytib keldi.

Indoneziyaning Jakarta shahrida oʻtkazilgan III yozgi Paraosiyo oʻyinlarida sportchilarimiz 35 oltin, 24 kumush va 18 bronza medalini qoʻlga kiritib, yurtimizga yorugʻ yuz bilan qaytib keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ota-onalar va muxlislar kutib oldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, qiziqishi va intilishiga koʻra kasb-hunar egallashi uchun zarur shart-sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning samarasida yurtimiz paralimpiyachilari jahon va qitʼa chempionatlari, Paraosiyo va Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotir.

III yozgi Paraosiyo oʻyinlarida qitʼamizning 43 mamlakatidan 3 mingga yaqin paralimpiyachi 18 sport turi boʻyicha gʻoliblik uchun bellashdi. Oʻzbekiston terma jamoasi tarixda ilk marotaba 54 nafar sportchi bilan pauerlifting, dzyudo, oʻq otish, suzish va yengil atletika boʻyicha bahslarda ishtirok etdi.

10.JPG

11.JPG

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston paralimpiyachilarining mazkur nufuzli musobaqaga puxta tayyorgarlik koʻrishida davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi Oʻzbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash toʻgʻrisidagi qarori muhim dasturilamal boʻldi. Qarorga koʻra, sportchilarimizning zamonaviy meʼyorlar asosida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, Paraosiyo oʻyinlariga yoʻllanma beradigan nufuzli musobaqalarga tayyorlanishi va ularda munosib qatnashishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi.

– Paraosiyo oʻyinlariga jiddiy hozirlik koʻrgandik, – deydi yengil atletika boʻyicha oltin medal sohibi Husniddin Norbekov. – Natija ham kutilganidek boʻldi. Yadro uloqtirish bahslarida 10 yil davomida oʻzgarmay kelgan jahon rekordini yangilab, gʻoliblikni qoʻlga kiritdim. Xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlarimizda Prezidentimiz rahbarligida sportni rivojlantirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va iqtidorini namoyon etishiga qaratilayotgan ulkan eʼtibor muhim omil boʻlmoqda. Endigi maqsadim, Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish.

Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari III yozgi Paraosiyo oʻyinlari davomida suzish bahslarida 2 marta jahon rekordi, 12 marta qitʼa va 13 marta Paraosiyo oʻyinlari rekordlarini yangiladi. Shuningdek, oʻzbekistonlik yengil atletikachilar tomonidan 1 marta jahon, 2 marta Osiyo, 9 marta Paraosiyo oʻyinlari rekordlari oʻrnatildi.

Bu kabi nufuzli sport musobaqasida uchinchi marotaba ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Vatanimiz shaʼnini yanada ulugʻlab, ozod va obod yurtimizda Paralimpiya harakati jadal suratlarda taraqqiy etib borayotganligini amalda yana bir bor isbotladi.

19.JPG

14.JPG

– Musobaqa keskin kurashlarga boy boʻldi, – deydi dzyudo boʻyicha 81 kilogrammgacha vazn toifasida Paraosiyo chempioni Nurbek Mirzayev. – Raqiblarim kuchli boʻlishiga qaramasdan ularni yengib, oltin medalga sazovor boʻlganimdan xursandman. Orzuim 2020-yilda Yaponiyaning Tokio shahrida oʻtadigan XVI Paralimpiya oʻyinlarida ham yuqori natijalarga erishishdir.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Abduhakimov soʻzga chiqdi.