Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paralimpiya qo‘mitasining ilk assambleyasi o‘tkazildi
19:40 / 2021-05-25

Bugun poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasida tashkilotning Bosh Assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Onlayn tarzda o‘tgan anjumanda Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi R.Shoabdurahmonov, Paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati, xodimlari, murabbiy va sportchilari, qo‘mitaning viloyat bo‘limlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 18 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Assambleya kun tartibiga 3 ta masala kiritildi. Unga ko‘ra, Milliy paralimpiya qo‘mitasini tashkil etish, uning Ustavini tasdiqlash va qo‘mitasi rahbariyatini saylash masalalari ko‘rib chiqildi.

Dastlab Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov so‘zga chiqib, paralimpiyachilarimizning Rio-2016da qo‘lga kiritgan yutuqlarini e’tirof etib, qaror Tokio-2020 Paralimpiadasi arafasida o‘z vaqtida qabul qilinganini, jismoniy imkoniyati cheklanganlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat miqyosidagi yuksak ahamiyat qaratilayotganini, aholini sog‘lomlashtirishga qaratilgan “Sport hamma uchun” loyihasi yanada keng ko‘lam kasb etayotganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, delegatlar ishtirokida Assambleyaning asosiy masalalari ko‘rib chiqildi. Anjumanni olib borgan O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Sh.Mo‘minjonov mamlakatimizda Paralimpiya harakati yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, bu borada qarorda belgilab qo‘yilgan bir qator ishlarni amalga oshirilish lozimligi haqida gapirib o‘tdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mita ustavi delegatlar tomonidan bir qator tuzatish va takliflar kiritilgan holda to‘ldiriladigan bo‘ldi. Ayni paytgacha ishlab chiqilgan ustav asos sifatida bir ovozdan qabul qilindi.

Qo‘mita rahbarligiga shu paytgacha O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan M.Tashxadjayev nomzodi ko‘rsatildi. Uning rahbarligida assotsiatsiyada o‘tgan ikki yil davomida ko‘plab sport natijalariga erishilgani alohida ta’kidlandi. Jumladan, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan para-yengil atletika bo‘yicha terma jamoa a’zosi Muhammad Rixsimov, para-kanoechi Shahnoza Mirzayeva va para-taekvondochi Zuhriddin Tohirovlar so‘zga chiqib, nomzodga o‘z munosabatlarini bildirib o‘tishdi. Qo‘mita raisligiga ko‘rsatilgan nomzod bir ovozdan ma’qullandi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish lozimki, ayni damda 29 nafar o‘zbekistonlik paralimpiyachi Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shulardan 15 nafari para-yengil atletikachi, 7 nafari para-suzuvchi, 3 nafari para-kanoe ustasi, 3 nafari para-taekvondochi, 1 nafari o‘q otuvchi hisoblanadi.