Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paralimpiya assotsiatsiyasi negizida Milliy Paralimpiya qo‘mitasi tashkil etiladi
11:47 / 2021-05-21

2021 yilning 18 may kuni O‘zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Milliy matbuot markazida ushbu qaror yuzasidan “O‘zbekistonda Paralimpiya sporti istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Sh.Mo‘minjonov mamlakatimizda paralimpiya sportiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ayniqsa, kuni kecha qabul qilingan “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bu sohada faoliyat yuritayotgan barchani yanada ruhlantirganini alohida ta’kidladi.

Ushbu qarorda barcha turdagi sport ta’lim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bo‘limlarini bosqichma-bosqich tashkil etish hamda iqtidorlilarni tanlab olish, ularni sport turlariga yo‘naltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishni ta’minlovchi uzluksiz yagona kompleks tizimni joriy etish, Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi negizida Milliy Paralimpiya qo‘mitasi tashkil etish vazifasi belgilangan. Aytish lozimki, hozirgi kunda xalqaro Paralimpiya qo‘mitasiga dunyoning 168 ta davlati a’zo hisoblanadi. Ular orasida faqatgina 5 ta davlat assotsiatsiya maqomida, qolgan barchasi esa qo‘mita maqomida faoliyat yuritadi.

Anjumanda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasining tashkil etilishi jahon tajribasidan kelib chiqqan holda o‘z samarasini berishi alohida qayd etildi.

Sh.Mo‘minjonov Paralimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari hamda paralimpiya tizimida faoliyat olib boradigan mutaxassislarni tayyorlovchi institut tashkil etilishi borasida ham atroflicha ma’lumot berdi.

– Prezident qarori bilan paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Paralimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi. Shuningdek, paralimpiya sport turlari bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish ko‘zda tutilgan. Bu borada O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining paralimpiya fakulteti tashkil qilinadi. Shu bilan birga, Paralimpiya qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti ham tashkil etiladi. Institut paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanuvchi murabbiylar, uslubchi-yo‘riqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan ilmiy-ta’lim muassasasi hisoblanadi.

– Ushbu qarorga muvofiq Turizm va sport vazirligida 2 ta shtatdan kam bo‘lmagan tarzda alohida Paralimpiya bo‘limi tashkil etiladi, – dedi Turizm va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i J.Hasanov. – Ushbu bo‘lim Paralimpiya qo‘mitasi bilan tizimli ish olib boradi. Alohida ta’kidlash lozim bo‘lgan yana bir muhim jihat, qarorga muvofiq respublikamizdagi 300 dan ortiq sport ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan paralimpiya sport turlari bo‘yicha trenerlarning maoshi 1,5 barobarga oshiriladi. Bundan tashqari, mamlakatimizdagi barcha Olimpiya zaxiralari sport kollejlariga beriladigan umumiy kvotaning 5 foizi aynan paralimpiya sportchilari uchun ajratiladi.

Sh.Mo‘minjonov “Tokio-2020” yozgi Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

– Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilarning ishtiroki yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Jumladan, 2008 yil Pekinda o‘tkazilgan yozgi Paralimpiya o‘yinlari yurtimiz sportchilari uchun dastlabkisi bo‘lgan va unda 2 nafar para sportchimiz 2 ta sport turidan ishtirok etgan. 2012 yil Londonda bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida 4 ta sport turidan 10 nafar paralimpiyachimiz qatnashgan hamda yurtimizga bitta medal bilan qaytgan. 2016 yil Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan so‘nggi Paralimpiya o‘yinlarida esa 5 ta sport turi, ya’ni Para yengil atletika, Para suzish, Para dzyudo, Para pauerlifting va Para o‘q otishdan jami 32 nafar sportchi bahslarda kurash olib borib, yakunda vakillarimiz 31 ta medalga sazovor bo‘lishgan. Bu natijalar tarixda qoldi, albatta. Oldinda bizni Tokio-2020 paralimpiya o‘yinlari kutib turibdi va ushbu o‘yinlarda bundan-da ko‘proq sportchi bilan, bundan-da ko‘proq medallar qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz. Ishonamizki, Prezidentimiz tomonidan Paralimpiya harakatiga qaratilayotgan bunday e’tibor o‘z samarasini beradi va biz Yaponiyada yuqori marralarni zabt etamiz.