Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Paralimpiada – 2022”: So‘nggi kunning umidi. Italiya yo‘lidagi orzular
13:20 / 2022-03-13

Bugun, 13 mart kuni Xitoyda davom etayotgan XIII qishki Paralimpiya o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi o‘tkaziladi.

Bundan o‘n kun muqaddam start olgan mazkur o‘yinlarda dunyoning 46 ta mamlakatidan 500 nafardan ziyod matonatli sportchi ishtirok etdi. Ular paralimpiadaning 6 ta sport turida XIII qishki Paralimpiya o‘yinlarining 78 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib bordi. 

Ortda qolgan 9 kunlik medallar uchun kurash kunlarida paralimpiadaning 72 ta sovrinlar jamlanmasi o‘z egalariga topshirildi.

Paralimpiya o‘yinlarining so‘nggi kunida qolgan 3 ta yo‘nalishda oltita medallar jamg‘armasining sohiblari aniqlanadi. Kechki payti Pekindagi “Qush uyasi” stadionida to‘rt yillik musobaqalarning tantanali yopilish marosimi tashkil etiladi.

O‘tkazilgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, hozircha Xitoy vakillari 18 tadan oltin-kumush, 22 ta bronza bilan umumjamoada yetakchilik qilmoqda. 2-o‘rinni 10 tadan oltin-kumush, 8 ta bronza bilan ukrainaliklar egallab turishibdi. 3-o‘rinda esa 8 ta oltin, 5 ta kumush va 10 bronza medaliga ega bo‘lgan Kanada terma jamoasi bormoqda. Ularning ta’qibchilari Fransiya hamda Avstriya paralimpiyachilari 6 ta va 5 ta oltin medalga ega.

So‘nggi kungi musobaqalarda o‘ynaladigan 6 ta medallar jamg‘armasi qay tarzda taqsimlanishidan qat’i nazar, umumjamoa ko‘rinishida xitoyliklarga hech kim yetolmasligi oydek ravshan. Ammo, bugun medallar uchun kurashda ayrim yo‘nalishlarda kanadalik, fransiyalik va ukrainalik atletlarning final bahslarda ishtirok etishini nazarda tutsak, umumjamoadagi ikkinchi va uchinchi o‘rin uchun kurash aynan ushbu mamlakatlar o‘rtasida kechishini ko‘rsatmoqda.

Pekinda payoniga yetib borayotgan XIII qishki Paralimpiya o‘yinlarida bugungacha 19 davlat u yoki bu darajadagi sovrinli o‘rinlarni egallashgan. Siyosiy vaziyat tufayli Rossiya va Belarus parasportchilari bahslarda qatnashmayapti. MDH davlatlari orasida faqat Qozog‘iston hozircha 1 ta bronza medaliga ega bo‘lib turibdi. 

Yana bir e’tiborli jihat, 2018 yili Janubiy Koreyada o‘tgan paralimpiya o‘yinlarida 80 ta medallar jamlanmasi o‘ynalib, unda 26 ta mamlakat sovrinli o‘rinlardan joy olgandi. Ya’ni, bu galgi sovrindor davlatlardan 7 taga ko‘p bo‘lgandi. 

Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi tomonidan chetlatilgan Rossiya va Belarus parasportchilari uchun joriy yilning 18-21 mart kunlari Rossiya Federatsiyasining Xanti-Mansiysk avtonom okrugida paralimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi.

Bu haqda kecha Pekinda jurnalistlar bilan uchrashuvda Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi prezidenti (IPC) Endryu Parsons Rossiya paralimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga tayangan holda xabar berdi.

IPC rahbari Pekin o‘yinlarida har ikki mamlakat parasportchilarining qatnashmaganligi boshqalar qatori ularning o‘z xavfsizliklarini ta’minlashiga ham yordam berganligini ta’kidlab, bugun paralimpiya o‘yinlarining bayrog‘i 2026 yilgi Paralimpiya o‘yinlari mezboni Italiyaga topshirilishini bildirdi.

Shuningdek, mutasaddi yana to‘rt yildan keyin bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida dunyo atletlari har qanday noxushliklardan holi, siyosiy qarama-qarshiliklar qurboni bo‘lmasdan, “niqobsiz” ochiq yuz bilan bir-birlarini bag‘rigan bosgan holda diydorlashish nasib etishiga umidvor ekanligini e’tirof etdi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA