Para taekvondochilarimiz Sofiyada zafar quchdi
Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida para taekvondo bo‘yicha "Parij-2024" yozgi Paralimpiya o‘yinlariga reyting ochkolarini taqdim etuvchi xalqaro Gran-pri turnirida mamlakatimizning matonatli sportchilari to‘rtta medalni qo‘lga kiritdi.
Dunyoning 30 ga yaqin davlatidan 200 nafarga yaqin eng kuchli para taekvondochilari ishtirok etgan ushbu musobaqa hamyurtlarimiz 5 nafar sportchi bilan qatnashgan holda 4 ta medalga musharraf bo‘lganligi e’tiborli holat.
Murosasiz va shiddatli bahslar yakuniga ko‘ra, "Tokio-2020" yozgi Paralimpiya o‘yinlari g‘olibasi Guljanoy Naimova (+65) kutilganidek chempionlikni tantana qildi. Sanjar Muxtorov (58), Asadbek Toshtemirov (80) va Ziyoda Isoqova (47) o‘z yo‘nalishlarida bronza medallariga egalik qilishdi.
Xalqaro Gran-pri turnirining medallar jamlanmasi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA