Para suzuvchilarimiz Fransiyada zafar quchdi
Fransiyaning Limoj shahrida para suzish bo‘yicha jahon seriyasiga kiruvchi xalqaro musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar a’zosi sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Ayollar o‘rtasida S13 klassida 100 metr masofaga batterflyay usulida suzish bahslarida startga chiqqan matonatli sportchi qizimiz Muslima Odilova barcha raqiblarini ortda qoldirgan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Mazkur nufuzli turnirning 200 metr masofaga kompleks usulda suzish bahslari finalida ishtirok etgan yana bir sportchimiz Shoxsanam Toshpo‘latova marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi va delegatsiyamiz hisobiga kumush medalni qo‘shib qo‘ydi.
Jahon seriyasining muhim bahsida zafar quchgan sportchilarimiz sharafiga olis Fransiyada bir marta O‘zbekiston madhiyasi yangragan bo‘lsa, ikki marta hur bayrog‘imiz sarbaland bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA