Para suzish: Hamyurtimiz jahon chempionati sovrindori
Singapurda para suzish bo‘yicha davom etayotgan jahon chempionatida mamlakatimizning irodali va matonatli sportchisi bronza medaliga musharraf bo‘ldi.
Chempionatning erkaklar o‘rtasidagi S13 klassida 100 metr masofaga erkin usulda suzish bahslari finalida startga chiqqan terma jamoamiz a’zosi Yegor Bolotov 53.13 soniyada marraga yetib kelib, 3-o‘rinni egalladi.
Mazkur yo‘nalishda oltin va kumush medallar betaraf maqomda musobaqalarda ishtirok etgan rossiyalik Yegor Shitkovskiy va Vitaliy Sibruikka nasib etdi.

100 metr masofaga batterflyay usulida suzish bahslarida qatnashgan Azizbek Boynazarov (S8) esa hal qiluvchi bosqichda 6-pog‘onani band etdi.
75 ta mamlakatning 580 nafardan ziyod irodali sportchilari ishtirokida o‘tayotgan jahon chempionati 28 sentyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA