Para stol tennisi: Sunnatillo Murodullayev xalqaro turnirda shohsupaga ko‘tarildi
Qozog‘istonda ilk bor tashkil etilgan “ITTF FA20 Astana Para Open” turnirida hamyurtimiz Sunnatillo Murodullayev shohsupaga ko‘tarildi.
Mazkur musobaqada dunyoning 18 ta mamlakatidan 100 nafarga yaqin para stol tennischilar o‘z yo‘nalishlarida bahslarga kirishdi. Unda Sunnatillo XD14 toifasining aralash juftligida fransiyalik tennischi Morgen Kaylo bilan tandem hosil qilgan holda bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Sunnatillo Murodullayev Misrda o‘tgan para stol tennisi bo‘yicha xalqaro turnirda kumush medalni qo‘lga kiritgan edi. Sunnatilloning xalqaro turnirda muvaffaqiyatga erishishi Paralimpiya yo‘lidagi tayyorgarligi samarali kechayotganidan dalolatdir.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA