O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi sport zalida para stol tennisi bo‘yicha terma jamoa a’zolarining o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini boshlandi.
Shu yilning 5 avgust kuniga qadar davom etadigan ushbu yig‘inda Rasul Atamuratov, Abdurahmon Zohidjonov, Umidjon Ahmedov, Artyom Saprikin va Abdurahmon Rahmatullayev kabi sportchilar bosh murabbiy Nodira Burxonxo‘jayeva qo‘l ostida Konya shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom birdamlik o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zA muxbiri para stol tennisi bo‘yicha terma jamoamiz bosh murabbiyi Nodira Burxonxo‘jayeva bilan suhbatlashdi.
– Yig‘in haqida to‘xtalib o‘tsangiz, mashg‘ulotlar qay tarzda o‘tmoqda?
– Eng avvalo terma jamoamiz a’zolari bilan mashg‘ulotlar kuniga 2 mahaldan olib borilmoqda va asosan sportchilarning texnik-taktik hamda jismoniy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan yuklamalar berilmoqda. Shuningdek, mashg‘ulotlar davomida, BKM mashqlari hamda tennischilarning ruhiy holatini yaxshilovchi mashg‘ulotlar ham o‘tkazilmoqda.

– Terma jamoamizning rejalari qanday?
– Oldimizda muhim musobaqalar – avgust oyida Konya shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom birdamlik o‘yinlari va sentyabr oyida Finlyandiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro musoboqada turipti. Ushbu musobaqalarda munosib ishtirok etish asosiy maqsad. Shuningdek, para stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatini o‘tkazamiz. Undan ko‘zlangan maqsad esa para stol tennisini yanada ommalashtirish va respublika bo‘yicha yana yangi sportchilarni saralab, terma jamoa safiga qo‘shishdir.
– Ayni kunlarda para stol tennischilar o‘rtasida yuqori salohiyatli va iqtidorli sportchilarimizdan kimlarni ko‘rsata olasiz?
– Hozir para stol tennisi mamlakatimizda asta sekinlik bilan ommalashmoqda. Biroq shunday bo‘lsada, iqtidorli sportchilarimiz ham bor. Ayniqsa, Rasul Atamuratov va Izzat Hamroyev kabi shogirdlarimdan umidim katta. Ular iyun oyida Chexiyada o‘tgan xalqaro musoboqada munosib ishtirok etdi. Umid qilamanki, oz fursatlarda ularga o‘xshagan shogirdlarimiz soni yanada ko‘payadi va para stol tennisi bo‘yicha ham chempionlar kamol topadi.

– Mamlakatimizda para stol tennisi rivojlanishi qay suratda davom etmoqda?
– bugungi kunda har bir sport turiga qaratilayotgan e’tibor oliy darajada. Shu jumladan para stol tennisiga ham ulkan e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalish mamlakatimizda yangi bo‘lishiga qaramasdan para stol tennisiga qiziquvchilar soni tobora oshmoqda. Milliy Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan ketma-ket o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishga barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Yuqorida ta’kidlaganimdek, ushbu imkoniyatlar samarasida ikki nafar shogirdim ilk bora Chexiyada o‘tgan xalqaro musobaqada ishtirok etdi. Unda Olimpiya o‘yinlari chempionlari ishtirok etgani sportchilarimiz uchun ulkan tajriba to‘plash imkonini yaratdi. Biz imkoniyatlardan unumli foydalangan holda yuksak tajriba va mahoratga erishib, kelgusida ulkan zafarlarni qo‘lga kiritishga xarakat qilamiz.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA