Para dzyudoda chempionlar aniqlandi
Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida para dzyudo bo‘yicha yoshlar hamda kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 260 nafar matonat va iroda sohiblari g‘oliblik uchun bellashdi.
Ikki kunlik musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarda umumjamoa hisobida Toshkent shahri dzyudochilari yetakchilikka erishgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni Namangan va Surxondaryo viloyati sportchilari egalladi.

Kattalar o‘rtasidagi bellashuvlarda polvonlar maskani Surxondaryo viloyati vakillari umumjamoa hisobida karvonboshilikni qo‘lga oldi. Ikkinchi va uchinchi pog‘onalar Qashqadaryo viloyati hamda poytaxt jamoasiga nasib etdi.

Chempionatning g‘olib va sovrindorlariga medal va diplomlarni Milliy paralimpiya qo‘mitasi hamda Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi mutasaddilari tantanali topshirdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA