Qozog‘istonning Ostona shahrida para dzyudo bo‘yicha uch kun davom etgan Osiyo chempionati o‘z nihoyasiga yetdi. Musobaqada qit’aning yetakchi davlatlaridan kelgan sportchilar g‘oliblik uchun bellashdi.
Ushbu nufuzli chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari munosib ishtirok etdi.
Sportchilarimiz jami 1 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida mamlakatimiz terma jamoasi to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Jumladan, Dovurxon Karomatov J2 tasnifida (-95 kg.) barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Shohruh Mamedov (J1 -81 kg.), Sherzod Namozov (J2 -70 kg.), Fotima Toirova (J1 -52 kg.) kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Otabek Irisbekov (J2 -81 kg.), Tillaqo‘zi Karimjonov (J2 -81 kg.) va Turg‘un Abdiyev (J1 -95 kg.) o‘z yo‘nalishlarida kuchli uchlikdan joy oldi. Jamoaviy dasturda esa erkaklar va ayollar terma jamoamiz finalga qadar barcha raqiblaridan ustun kelib, kumush medaliga ega chiqdi.
O‘zbekiston para dzyudo maktabi so‘nggi yillarda jahon sport arenasida o‘z nufuzini mustahkamlab borayotgani ushbu chempionatda ham yaqqol ko‘zga tashlandi. Terma jamoa a’zolarining ushbu irodasi, tayyorgarligi va jonbozligi mamlakatimizda imkoniyati cheklanganlar sportiga bo‘lgan davlat e’tibori samarasi ekani yana bir bor isbotlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA