Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paqildoqqa qiziqish qimmatga tushdi
14:45 / 2022-12-31

Sirdaryo viloyati Guliston shahrining “Bog‘ishamol” mahallasida istiqomat qiluvchi, to‘rt farzandning otasi Aleksandr paqildoqqa ishqiboz edi.

O‘zi yashaydigan ko‘p qavatli uy oldida salyutdan qonunga xilof ravishda foydalanib, vaqtichog‘liq qilmoqchi bo‘ldi. Lekin u otgan salyut qo‘shnisining voyaga yetmagan farzandini ko‘ziga borib tekkanini bilmay ham qoldi. Bir soniyalik zavqdan kelgan aziyat qo‘ni-qo‘shnilarning nafratiga sabab bo‘ldi.  

Sirdaryo viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasiga yetkazib borilgan bolakayga tez tibbiy yordam ko‘rsatildi. Lekin bolakayning olgan jarohati tuzalishi uchun anchagina vaqt va mablag‘ talab qilinishi aytildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudida ko‘rib chiqilgan mazkur ish muhokamasida sudlanuvchi sifatida so‘roq qilingan Aleksandr aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi.

Sud guvohlarning ko‘rsatuvlari va ishdagi mavjud dalillar, jabrlanuvchining so‘zlari, unga yetkazilgan zararni qisman qoplaganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, jabrlanuvchining sudlanuvchiga da’vosi mavjud ekanligini e’tiborga olib hukmni e’lon qildi. Aleksandrga O‘zbekiston Respublikasi JK 2501-moddasi 2-qismining “d” bandi bilan uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  

Aleksandrga qiziqishi qimmatga tushadigan bo‘ldi. Endi u uch yilini panjara ortida o‘tkazadi.

Bobosher Qurbonov,

Sirdaryo viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha

sudlov hay’ati raisi.

O‘zA