French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Papa kutilmaganda Rim qamoqxonasiga tashrif buyurdi
11:46 / 2025-04-18

Ikki marta pnevmoniyani boshidan kechirgan Papa Fransisk payshanba kuni Italiyaning eng gavjum qamoqxonalaridan biri – “Regina Coeli” turmasiga kutilmaganda tashrif buyurib, mahbuslarni Pasxa bayrami oldidan qutladi.

“Reuters” xabar berishicha, 12 yillik faoliyati davrida salomatligi bilan bog‘liq eng og‘ir inqirozdan o‘tib olgach, tez-tez omma oldida chiqish qilayotgan 88 yoshli pontifik Vatikan tashqarisida qisqa yurish qildi. Qamoqxona atigi besh daqiqalik masofada joylashgan.

Avtomobildan nogironlik aravachasiga o‘tirgan Rim katolik cherkovi yetakchisini yordamchilari muassasaga olib kelganda, qo‘riqchilar va tashkilot xodimlari olqish bilan kutib oldi.

Oxirgi ikki chiqishida bo‘lgani kabi, Papa kislorod naychasi yordamisiz nafas olayotgani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Fransisk qamoqda yarim soatcha bo‘lib, 70 ga yaqin mahbuslar guruhi bilan uchrashgan.

– Siz bilan yaqin bo‘lishni xohlardim, – dedi u. – Men o‘zingiz va oilangiz uchun ibodat qilaman.

Trastever sayyohlik tumanidagi XVII asrga mansub, hozir erkaklar qamoqxonasiga aylantirilgan “Regina Coeli” monastirida, Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ayni payt 1 100 ga yaqin mahbus bor. 628 kishiga mo‘ljallangan inshoot uchun bu qariyb ikki barobar ko‘p.

Ushbu turmaga oxirgi marta 2018 yil kelgan Papa Vatikanning pasxa bayrami oldi tadbirlarida qay darajada faol ishtirok etishi noma’lum.

Qamoqdan chiqayotganda mashinasiga yaqinlashgan jurnalistlarning shu haqdagi savoliga Fransisk jilmayib, ohista javob berdi: Iloji boricha...