Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidentining global hamkorliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar qadimiy shahar bilan tanishuvni Amir Temur maqbarasidan boshladi. Bu yerda ularga buyuk jahongirning hayoti va davlatchilik siyosati, bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.


Registon majmuasidagi uch ulug‘vor obida —Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalarining qurilishi, ularni asrab-avaylash borasidagi ishlar AQSH delegatsiyasida katta qiziqish uyg‘otdi.


—O‘zbekiston AQSHning global hamkorlaridan biri, -- deydi Paolo Zampolli. —Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistondagi keng qamrovli islohotlar, faol tashqi siyosat ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishida muhim omil bo‘ldi.
Mamlakatingizga tashrif davomida afsonaviy va tarixiy Samarqandga kelish nasib etganidan xursandman. Dunyoga mashhur, qadimiy madaniy meros yodgorliklari va boshqa diqqatga sazovor maskanlarni ko‘rish uchun albatta bu shaharga yana kelaman.


Delegatsiya a’zolari shahardagi boshqa tarixiy obidalar,
"Siyob dehqon bozori” va "Boqiy shahar" majmuasida ham bo‘ldilar.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari