Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pansionatdagi keksalar sayohatga olib chiqildi
12:27 / 2022-05-11

Xotira — abadiy, qadr — muqaddas. Inson xotira bilan tirik, qadr bilan barhayotdir. Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug‘ fazilatlaridan hisoblanadi.

Vatan ozodligi, el-yurtning tinchligi, osoyishtaligi, xotirjamligi uchun jonini fido qilgan qahramonlarni xotirlash, safimizda bo‘lgan urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va yolg‘iz qariyalarni qadrlash, ulardan hol-ahvol so‘rab turish xalqimizga xos insoniy fazilat hamda burchlarimizdandir.  

“Adolat” SDP markaziy apparati va Toshkent shahar kengashi hamkorligida Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Olmazor tumanidagi urush va mehnat faxriylari pansionatida xotira tadbiri tashkil etildi. Tadbirda “Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi vakillari, deputatlar, nafaqadagi harbiylar, urush va mehnat faxriylari ishtirok etdi. 

Yurtimizda 9 may — Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinadi. Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistondan 2 millionga yaqin odam ishtirok etgan. Ularning ko‘pchiligi urush maydonlaridan nogiron bo‘lib qaytgan bo‘lsa, 538 mingdan ortiq vatandoshimiz qonli janglarda halok bo‘lgan. Oramizda qarilik gashtini surayotgan urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlarni qadrlash, o‘tganlarni esa yod etib,  xotirasiga hurmat bajo keltirish bugungi avlod vakillarining vazifasi va burchidir.  

Tadbirda shular haqida so‘z borar ekan, “Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi Fazliddin Ziyayev bugungi kunda mamlakatimizda urush qatnashchilari va front orti mehnat faxriylariga, umuman, keksa avlod vakillariga, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida to‘xtalib o‘tdi. Afg‘on urushi qatnashchisi Aleksey Alekseyev esa urush dahshatlari, uning insonlar qalbida qoldirgan bemisl qonli izi haqida to‘xtalib, o‘z xotiralarini so‘zlab berdi. 

Tadbirdan so‘ng urush va mehnat faxriylari uchun maxsus avtobus tashkil qilinib, shahar bo‘ylab sayohatga olib chiqildi. Ularga partiyaning esdalik sovg‘alari taqdim etildi.   

M.Komilova, O‘zA