Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Panjara ortidagi umidlar maskani
12:19 / 2026-01-14

Kutubxona manzarasi o‘zgarmas: kitob javonlari va tartib bilan terilgan kitoblar. Yagona farq uning manzili va o‘quvchisida. Odatda kutubxona ma’naviy olamni boyitish uchun xizmat qiladi. Ammo panjara ortidagi mahkum uchun u sog‘inchni yumshatish, xatolarni mulohaza qilish maskaniga aylanadi.

– Iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha litseyni tamomlab, oliy ta’limda o‘qishni davom ettirayotgan edim. Birinchi kursni bitirganman, – deydi mahkum Jasur Eshmamatov. - Qilgan ishimdan qattiq pushaymonman, barchadan kechirim so‘rayman.

Endigina 19 yoshni qarshilagan Jasurbek kelgusida iqtisodchi bo‘lishni orzu qilgan. Ammo yoshlik beboshligi uni sim to‘siqlar ortiga yetakladi.

Qarshi shahridagi 2-sonli jazoni ijro etish muassasasida Jasurbek kabi yoshlar ko‘p. Ularning xatolaridan xulosa chiqarishi uchun bu yerda yetarlicha imkoniyatlar yaratilgan. Ular vaqtni samarali o‘tkazib, hunar o‘rganmoqda, kelgusi hayoti uchun zamin hozirlamoqda.

– Men yog‘och o‘ymakorligini o‘rganyapman, – deydi mahkum Maftun Narziyev. – Ozodlikka chiqqach, bu hunarimni davom ettiraman. Avvaliga qiynaldim, keyin ustalardan sir-asrorlarni o‘rgandim. Hozir mustaqil ishlayapman.

Qish faslida issiqxonadagi yashillik ham yosh mahkumlar mehnatining samarasi. Ular o‘zlarini jazolanayotgan emas, qayta tarbiyalanayotgan inson sifatida ko‘rsatib, sog‘lom hayot sari intilishmoqda.

– Bu yerda ham o‘ylash uchun erkinlik bor, – deydi mahkum Jamshid Nazarov. – Qilgan xatolaringizni, chiqqandan keyin qanday inson bo‘lishingizni qayta-qayta muhokama qilasiz.

Muassasada o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, profilaktik tadbirlar va psixologik suhbatlar orqali yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni tanlash mohiyati tushuntirilmoqda.

– Hozirgi kunda koloniyada 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 569 nafar mahkum bor, – deydi muassasa tarbiyaviy ishlar bo‘yicha inspektori Jahongir Xoliqulov. – Bu yerda monomarkaz faoliyat yuritadi. Zamon talabiga mos kasb-hunarlar o‘rgatiladi, o‘qishni tugatganlarga sertifikat beriladi. Bu ularning ozodlikka chiqqach hayotda o‘z yo‘lini topishiga xizmat qiladi.

Hayot yo‘llari turli so‘qmoqlardan iborat. Qoqilganda xatoni anglab, to‘g‘ri yo‘lga qaytish har kimning o‘z qo‘lida. Jazoni ijro etish muassasalarida yoshlarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor kelgusida jinoyatchilikning kamayishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, shubhasiz.

O‘lmas Barotov,  

O‘zA muxbiri