O‘zA loyihasi: Mahkumlar qismati
Mahkumlar qismati – eng og‘ir qismat. Chunki, panjaralar ortida doimiy nazorat ostida bo‘lish, istagan ishini qila olmaslik, ya’ni, erksizlik azobini ko‘tarish oson emas.
Zotan, inson ruhiyati, tabiati doim erkinlikka talpinadi. Ozodlikdan totli ne’mat yo‘q, degan kalom ham bejiz aytilmagan.
Hali voyaga yetib ulgurmagan o‘smirlar ongu shuurida erkinlik tushunchasi qanday bo‘ladi? Albatta, bu yoshdagilar ko‘kda parvoz qilayotgan qushlardanda balandroq uchishga shay bo‘ladi.
Faqat bu shijoatni ota-ona to‘g‘ri tomonga yo‘naltirsagina, bola yaxshi inson bo‘lib voyaga yetadi. Aksincha bo‘lsa, ular turli nobop yo‘llar orqali panjara ortiga borib qolishi hech gap emas.
Zangiota tumanidagi 24-sonli tarbiya koloniyasida hali katta hayotga qadam qo‘ymay turib adashgan, turli jinoyat yo‘liga kirib qolgan o‘smirlar saqlanadi.
Bir xil kiyingan, sochlari qirib olingan, aybdorlik hissi bilan boshi egilgan bolalarni ko‘rib yuraging achishadi. Bo‘ylari baland, qoshlari qora, ko‘zlari ma’yus bolalarga qarab, ularning ota-onalarini beixtiyor qoralaysan. Eng buyuk, bebaho ne’matlarini ular nega yomon yo‘llardan asramadi, degan savol qiynaydi, kishini.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, 2025-yilda sudlar tomonidan 80 mingga yaqin shaxsga nisbatan jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan. Shundan 24 ming nafarga yaqinini yoshlar tashkil etgan bo‘lsa, 2,5 ming nafarga yaqini o‘smirlardir.
Ular asosan o‘g‘il bolalar bo‘lib, ko‘pchiligi narkojinoyatlarga o‘ralashib qolgan. Ayrimlari o‘g‘rilik, firibgarlik qilgan. Qotillikka qo‘l urganlari ham yo‘q emas.
Suhbatdoshimiz – Muso. U 2008-yilda Urgutda tug‘ilgan. Bolakay tug‘ilganidan sal o‘tib, ota-onasi xorijga ishga ketgan. U esa bobosining qo‘lida qolgan. To‘rt yoshga kirganida uni ota-onasi Rossiyaga olib ketgan. Keyinchalik 9-sinfga o‘tganida esa bolani yana O‘zbekistonga, tog‘asinikiga jo‘natishadi. O‘smir ota-ona nazorati bo‘lmagani uchun o‘zini erkin his qilib, turli ko‘chalarga kirib ko‘radi. U o‘zbek tilini yaxshi bilmasligi sababli odamlar bilan muloqot qilishga qiynalar, umuman, boshqa sharoit va muhit bolani gangitib qo‘ygan edi.
U uydan chiqib ketib, goh Samarqand, goh Jizzax shahrida yashaydi, turli yumushlarni bajaradi, o‘ziga sherik topib, tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan dorilarni qabul qilishni o‘rganadi. Shu tariqa u yaqinlari, ota-onasi bilan aloqani uzib yuboradi.
– Keyinchalik Toshkent shahriga kelib, restoranga ishga kirdim, – deydi Muso. – Ishim yaxshi bo‘lib ketdi, ammo aniq maqsadim, yaqin kishilarim yo‘qligidan zerikib, iztirob chekardim. Bir kuni menga “salom, yaxshi ish bor” degan xabar keldi. Nima ishligini surishtirganimda, “haftasiga 800-1000 dollar beramiz, faqat narkotik moddalar solingan “zakladka” (yelim xaltachalarga solingan narkotik modda)larni aytilgan joylarga qo‘yib ketasan”, deyishdi. Avvaliga sal ikkilandim, keyin rozi bo‘ldim. Ko‘p vaqtim bo‘lishini, pulim ko‘p bo‘lishini o‘yladim. O‘rtog‘im ikkalamiz shu ishni qilish bilan birga o‘zimiz ham narkotik modda qabul qilar edik. Bir kuni giyohvandlik vositasini qabul qildik va “zakladka”larni joylashtirish uchun men taksida yo‘lga chiqdim. Aytilgan joyga “zakladka”ni qo‘yib, yo‘limda davom etayotganimda ichki ishlar xodimlarini ko‘rib qoldim va qo‘rqib ketganim uchun qochdim. Ular meni quvib, tutib oldi va bo‘limga olib ketdi. Telefondagi yozishmalarimni ko‘rishdi. “Zakladka”larni qo‘ygan joyimdan topib berdim. Ish sudga oshdi va menga 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qilgan ishimning qanchalik yomonligini, o‘zim kabi qancha yoshlarni zaharlaganimni qamalganimdan keyin tushunib yetdim.
Jazo olib bo‘lganidan keyingina Musoning ko‘zlari ochildi. Narkotik moddalar orqali qancha kishilarning hayotini zaharlaganini o‘ylab iztirob chekdi. Biroz vaqt o‘tib, koloniyadagi sharoitga o‘rgandi, tarbiyaviy ishlar natijasida keyingi hayotini to‘g‘ri izga solishi, o‘qishi, kasb egallashi mumkinligini tushunib, o‘zini o‘nglab oldi. Hozir tinimsiz kitob o‘qiydi. Aslida hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi, degan o‘y uni qiynaydi. Ota-ona mehrini qo‘msaydi.
– Nafaqat giyohvandlik, balki har qanday jinoyatga qo‘l urish yaxshi oqibatga olib kelmaydi. Chunki, jinoyat qilib, ushlanmay qolayotgan odam yo‘q, baribir jazosini oladi. Qonuniy jazo o‘z yo‘liga, ammo noto‘g‘ri qilmish tufayli odam o‘zini o‘zi jazolagan bo‘ladi, fikrimcha. Yaqinlaringni ko‘ra olmaysan. Agar ular o‘tib qolsa, qamoqdagi odam ularni ko‘mishga ham bora olmaydi, – deydi u.
Fikrlari teran bu o‘smirning hayoti butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Afsuski, u ota-onasining e’tiborsizligi qurboni bo‘ldi.
Oramizda farzandlarini yaqinlariga qoldirib, boshqa mamlakatlarga ketayotgan ota-onalar ham uchrab turadi. Ammo hech kim ota-onaning o‘rnini bosa olmasligini, bir zum nazoratsiz qolgan bola noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishini, buning oqibati esa qimmatga tushishini vaqtida anglash kerak.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ljhtQe9EvOA" title="Panjara ortidagi o‘smir yigitlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Nishon Abduvoitov (video), Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA