Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pandemiya va turizm: salbiy ta’sirlar ko‘lami qancha?
16:53 / 2021-06-11

Yurtimizning tarixiy, madaniy meros ob’ektlari, tabiati va iqlimi hamisha sayyohlarni o‘ziga jalb etib keladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish, uni iqtisodiyotning strategik sektoriga aylantirish, hali to‘la foydalanilmagan sayyohlik salohiyati imkoniyatlaridan keng foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Buning natijasida yurtimizga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar soni ortib bormoqda. Masalan, 2016 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 1,3 million, 2017 yilda 2,7 million, 2018 yilda 5,3, 2019 yilda esa 6,7 millionni tashkil etgan.

Ammo o‘tgan 2020 yilda butun dunyoni tang holatda qoldirgan koronavirus pandemiyasi barcha soha va tarmoqlarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Jumladan, turizm ham eng katta zarar ko‘rgan sohalardan biri bo‘ldi. Karantin cheklovlari sayyohlik ko‘rsatkichlarining keskin pasayib ketishiga sabab bo‘ldi.

Bu borada O‘zbekistonda ham pandemiya ta’sirlarini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarga qaramay, turizmda chuqur inqiroz yuzaga keldi. 2020 yil mamlakatimizga bor-yo‘g‘i 1,5 million chet ellik sayyoh tashrif buyurgan. Turizm xizmatlari eksportidan tushum 2019 yilga nisbatan 5,2 baravarga kam, ya’ni 261 million dollarni tashkil etgan. Sohada yuzaga kelgan murakkab vaziyat ko‘plab joylashtirish vositasi va turoperatorlar faoliyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, ishchilarning ishsiz qolishiga sabab bo‘lgan.

Koronavirus pandemiyasidan keyin sohaning jadal sur’atlarda tiklanishini ta’minlash, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni, 1 ta qarori va Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori qabul qilingan. Mazkur hujjatlar asosida sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida turoperatorlar, turagentliklar, joylashtirish vositalari uchun foyda solig‘i stavkasi belgilangan stavkalarning 50 foiziga kamaytirilgan. Kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun turoperatorlarning avia va temir yo‘l chiptalari bo‘yicha xarajatlari chipta narxining 30 foizi miqdorida subsidiyalashtirilgan, turoperatorlar, turagentlar hamda turizm sohasi sub’ektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i hamda jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘lashdan ozod etilgan. Bundan tashqari, joylashtirish vositalarini qurish, ob’ektlarni yangi sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqlashtirish, 1 milliard so‘mgacha aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun qarzlarga ham subsidiya tatbiq etilgan.

Bu kabi choralar turizm sohasini rivojlantirishda, pandemiya oqibatlarining sayyohlik tarmog‘iga bo‘lgan ta’sirlarini yumshatishda muhim

ahamiyat kasb etadi.

Pandemiya ta’siridan keyin turizm sohasini tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar joriy yilda ham keng ko‘lamda davom ettirilmoqda. Sohani yanada ravnaq toptirishga qaratilgan yangi loyiha va dasturlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Yig‘ma axborot-tahlil va strategik rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Barnoyev bilan bog‘landik. – Pandemiya barcha sohalar qatori turizmga ham o‘zining salbiy ta’sirlarini ko‘rsatmay qolmadi, – deydi Ibrohim Barnoyev. – Koronavirus pandemiyasining oqibatlarini bartaraf etish, sohani qayta rivojlantirish davlat rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib turibdi. Bu borada Turizm va sport vazirligi tomonidan O‘zbekiston Prezidentining 2021 yilda Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqib, turistik sohani yanada isloh qilishga qaratilgan reja va dasturlar ishlab chiqildi. Jumladan, joriy 2021 yil davomida ziyorat va ichki turizmni rivojlantirish, turizm ob’ektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hamda To‘dako‘l ko‘llari hududida turistik infratuzilmani rivojlantirish, Jizzax viloyatida zamonaviy turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini hamda xalqaro umummavsumiy tog‘-chang‘i kurortini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, turizm sohasidagi ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash maqsadida ish beruvchilar bilan hamkorlikni tashkil etishga qaratilgan onlayn-platforma yaratish, Buxoro va Xorazm viloyatlarining turizm salohiyatini pandemiya sharoitidan so‘ng tiklash va yanada rivojlantirish maqsadlarini oldimizga qo‘yganmiz. 2021 yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy turistlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 400 million dollarga, shu jumladan, ziyorat turizmi yo‘nalishida 130 million dollarga yetkazish, ziyorat ob’ektlari va ular atrofidagi infratuzilmani takomillashtirish maqsad-vazifalari belgilab olingan.

Bundan tashqari, 2021 yilda 3 ta yangi dastur ishlab chiqildi. Bular «Keksalar turizmi» oyligi, «Ayollar turizmini rag‘batlantirish» va «Nogironlar sayohatini tashkil etish» dasturlari bo‘lib, ular doirasida hududlarda sayohatlar tashkil qilinyapti.

– Mamlakatimizning har bir hududida sayyohlarni o‘ziga jalb etuvchi maskanlar bisyor. Ularni turizm marshrutiga kiritish, umuman, hududlarning hali to‘la ishga solinmagan sayyohlik salohiyatidan foydalanish borasida qanday ishlar amalga oshirilyapti?

– Qayd etish joizki, hududlarning sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida joriy yilda respublikadagi mahalla fuqarolari yig‘inlarida 10 ta «Turizm mahallasi» va «Turizm qishloq»lari tashkil qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 7 ta zamonaviy sport turlari rivojlantiriladi. Shu bilan birga, yirik suv havzalari qirg‘og‘ida qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Darhaqiqat, mamlakatimizning sayyohlik salohiyati juda keng va boy. Undan oqilona foydalanish, sohaga oid hujjatlar ijrosini ta’minlash turizm rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo mazkur sohani tubdan rivojlantirish borasida hali kamchilik va muammolar, hal etilmayotgan masalalar yo‘q emas. Shu bois Oliy Majlis Senatining joriy yil 29 mayda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda muammo va kamchiliklar borasida Turizm va sport vazirligiga parlament so‘rovi yuborildi. Turizm masalasi Senatning avgust oyidagi yalpi majlisida atroflicha muhokama etiladi. Maqsad esa yagona – mamlakatning sayyohlik yo‘nalishidagi imkoniyatlaridan keng foydalanib, turizmni rivojlantirish, pandemiyaning salbiy ta’sirlarini bartaraf etish, ushbu sohadagi muammolarga yechim topishdan iborat.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA