Anorchilik bilan dong taratgan Quva tumanida ayni kunlarda 230 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Anorchilik bilan dong taratgan Quva tumanida ayni kunlarda 230 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Davlat xizmatlari markazining yangidan qad rostlayotgan binosi esa yaqin kunlarda ana shu koʻpsonli aholiga ajoyib qulayliklar va imkoniyatlar eshigini ochadi. Hozirda bino qurilishining asos qismini mustahkamlash ishlari yakuniga yetkazilib, poydevor koʻtarish ishlari boshlab yuborilgan.
Shu kunga qadar Fargʻona viloyatining 14 ta tuman va shaharlarida qisqa muddatlarda barcha qulayliklarga ega ana shunday davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy binolari aholi ixtiyoriga topshirildi.
Toshloq tumanida ham Davlat xizmatlari markazining yangidan rekonstruksiya qilinayotgan binosi A. Navoiy koʻchasida joylashdi. Avvallari toshloqliklar yaratilgan sharoitlarning noqulayligi sabab davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishda qiyinchiliklarga uchrayotgandi. Ayniqsa, maxsus qurilmagan binoda zamon talablari hamda odamlarni rozi qilish darajasida xizmat koʻrsatishning oʻzi moʻjiza edi.
Mustaqilligimiz shodiyonalari arafasida davlat xizmatlari markazining yangi binosi toshloqliklar ixtiyoriga topshirilishi kutilmoqda. Hozirda bu yerda rekonstruksiya, pardozlash va obodonlashtirish ishlari olib borilayotir.
Ushbu davlat xizmatlari markazi binosi anʼanaviy arxitektura va xalqaro meʼmoriy dizayn bilan uygʻunlashgan holda bunyod etilayotgani eʼtiborli. Fuqaroning navbatga turish vaqtini mazmunli tashkillashtirish maqsadida kutish zaliga alohida eʼtibor bilan yondashilgan. Elektron navbat, infokiosk, kutish zali, bolalar maydonchasi,bukkafe, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish burchagi, investorlar xonasi, moʻjaz kutubxona tashkil etiladi. Tashrif buyuruvchi har bir mijoz infolend orqali koʻrsatiladigan 130 dar ortiq xizmatlar haqida toʻliq axborot olishi mumkin. Markazda bir vaqtning oʻzida 20 nafar, bir kunda 500 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Xushbichim va oʻziga xos dizayndagi zamonaviy jihozlangan zalda 3 ta monitorda 130 dan ortiq davlat xizmatlari yuzasidan maʼlumotlar markazga keluvchi fuqarolar uchun taqdim etiladi.
- Toshloq va Quva tumanlari markazlari bilan birgalikda viloyat markazidan olis hududlarimiz Beshariq va Furqat tuman Davlat xizmatlari markazlarining yangi bino inshootlari loyihalari ham tayyor boʻldi. Tez fursatlarda ushbu tuman markazlarining qurilishiga ham start beriladi, - deydi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi moddiy-texnika taʼminot boʻlimi bosh maslahatchisi Abdunabi Ergashev.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki,Fargʻonada davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida yaratilayotgan qulay sharoitlar sabab joriy yilning oʻtgan 7 oyi davomida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining 470 mingdan ortiq murojaatlari ijobiy yechim topgan. 19 ming 844 nafar markazdan olisda yashovchi fuqarolarga sayyor tartibda davlat xizmatlari koʻrsatilgan.