Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pandemiya oʻchogʻi Braziliyaga koʻchdimi yoki tub aholi – hindularning koronavirus oʻljasiga aylanayotgani haqida
16:20 / 2020-06-26

Braziliyada Covid-19 dan oʻlim holati rekord darajaga yetdi.


Braziliyada Covid-19 dan oʻlim holati rekord darajaga yetdi. Mamlakat infeksiyaga chalinish holati boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻringa chiqib olgan.

Shunga qaramay, bir qator katta shaharlarda karantin cheklovlari bekor qilina boshladi. Rio-de-Janeyro va San-Pauluning ayrim tumanlarida doʻkonlar ishlab turibdi. Okean sohillarida hamda shahar parklarida sport bilan shugʻullanishga ham ruxsat berildi.

Vashington tadqiqot universiteti hisob-kitobicha, Braziliyada avgust boshigacha 125 ming kishi koronavirusdan vafot etishi mumkin. Hozir mamlakatda qish fasli va mavsumiy grippning eng avjiga chiqqan payti.

Shunga qaramay, prezident Jair Bolsonaru virus xavfidan vahima qilish oʻrinsiz, deb hisoblamoqda. Davlat rahbari bilan fikrlari bir joydan chiqmagani uchun hozirgacha ikkita sogʻliqni saqlash vaziri ishdan boʻshatildi. Yangisi esa haligacha tayinlangani yoʻq.

Ekspertlar aholining eng qashshoq qatlami boʻlgan shahar chekkasidagi kulbalarda istiqomat qilayotgan odamlar hamda Amazonka daryolari boʻyida yashayotgan Braziliyaning tub aholisi ayniqsa koʻp jabr koʻrishidan xavotir olmoqda.

Paraizopolis – “Jannat shahri”

San-Paulu 12 millionlik nufusga ega shahar. U yerda Shahar ichida shaharlar ham koʻp. Ulardan birini, aholining kambagʻal qatlami istiqomat qiladigan kulbalardan tashkil topgan Paraizopolis, deb atashadi.

Paraizopolis “jannat shahri” maʼnosini bildiradi, biroq uning nomi haqiqiy hayotga umuman toʻgʻri kelmaydi. Maydoni 1 kvadrat kilometr boʻlgan hududda taxminan 100 ming kishi yashaydi.

Giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruhlar dastidan bu yerga davlatning “tez yordam” xizmatini ham chaqirib boʻlmaydi. Paraizopolisning bir qator tumanlarida suv yoʻq. Shu boisdan ham aynan shu yerda yuzlab kishilar koronavirusga chalingan, vafot etganlar ham anchagina.

Braziliyada koronavirus bilan kasallanish holati rasman 26-fevralda qayd etilgan edi. 61 yoshli bemor San-Paulu shahridan boʻlib, u Italiyadan qaytgan ekan.

Biroq Osvald Kruz Fondi olimlari mamlakatdagi barcha respiratorli xastaliklarni oʻrganib chiqib, molekulyar testlar yordamida Rio-de-Janeyro kasalxonalarining birida yanvar oyida vafot etgan bemor aynan koronavirusga chalinganini aniqlashdi.

Tadqiqot natijalariga koʻra, virus mamlakatda aslida fevral oyidan tarqala boshlagan. Yaʼni Braziliyaning mashhur karnavali boshlanishidan bir necha hafta oldinroq. Fevral oxirlarida Braziliyada raqs maktablarining ommaviy chiqishlari hamda oqshom tadbirlari boshlanib ketadi.

“Karnavalni bekor qilish hech kimning aqliga kelmadi, chunki u Braziliya qalbining ajratib boʻlmaydigan qismi”, - deydi Bi-Bi-Si muxbiri Keyti Uotson.

Avval boshda infeksiya epitsentri San-Paula va Rio-de-Janeyroning boy tumanlarida yuzaga keldi. Taxmin qilinishicha, virusni Yevropada taʼtilda boʻlib qaytgan badavlat kishilarning biri olib kelgan.

Mahalliy hindular virus oldida ojiz qolmoqda

Koronavirus epidemiyasi Braziliyaning tub aholisi istiqomat qiladigan Amazonka daryosining eng olis hududlarigacha yetib bordi.

Umuman, oddiy vaqtlarda ham respiratorli xastalik, yaʼni gripp tub aholi orasida eng koʻp sodir boʻladigan oʻlim holatlarining asosiy sababchisi edi. Bu, odamlarning anʼanaviy turmush tarzi bilan bogʻliq. Ular katta oila boʻlib yashaydi, bir tovoqdan taom yeydi va bir buyumdan jamoa boʻlib foydalanishadi.

“Bir kishiga gripp yuqsa, odatda, butun qishloq kasal boʻladi”, - deydi Bi-Bi-Sining Braziliya boʻyicha muxbiri Joan Fellet.

Joanning taʼkidlashicha, hindular yashaydigan ayrim qishloqlarda hatto oddiy gigiyena vositasi boʻlmish sovun ham topilmaydi.

Braziliya tub xalqlari (Articulation of Indigenous Peoples of Brazil - APIB) assotsiatsiyasining taʼkidlashicha, tub aholi orasida Covid-19 dan oʻlim darajasi mamlakat boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki barobar yuqori.

Karantin qayerda qanday joriy qilinmoqda

Bu savolga kuzatuvchilar aniq javob topa olishmayapti. Bir tomondan Braziliyaning barcha gubernatorlari va shahar merlari oʻzi rahbarlik qilayotgan hududlar yoki shaharlarda oʻzlaricha karantin choralari koʻrmoqda.

Masalan, San-Luic shahrida qattiq karantin choralari eʼlon qilingan. Bu yerda odamlar faqat oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa oʻta zarur buyumlar olgani koʻchaga chiqadi.

San-Pauluda esa virusdan eng koʻp odam vafot etayotganiga qaramay, unchalik qattiq boʻlmagan karantin joriy qilingan. Shaharda faqat jamoat obyektlari ishlamayapti va ommaviy yigʻinlar taqiqlangan. Odamlar jamoa foydalanadigan joylarda niqob taqishi lozim.

Biroq San-Paulu shahri fuqarolarining fikricha, shaharda karantin tartibi hukm surmoqda, deyish qiyin.

Koʻchada piyodalar va mashinalar koʻp. odamlar ishga qatnamoqda. Dam olish kunlari koʻpchilik shaxsiy avtomobillarida plyajga bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa yashirin ziyofatlar haqidagi xabarlar muntazam yoritilib turibdi.

“Yengil tumov”

Atigi bir necha oy ichida Braziliya koronavirusdan vafot etganlar soni boʻyicha Italiyani quvib oʻtdi va Lotin Amerikasida birinchi oʻringa chiqib oldi.

Prezident Bolsonaru mart oyida sogʻliqni saqlash vazirining tavsiyalariga quloq solmay poytaxt Braziliada uyushtirilgan karantinga qarshi namoyishga borib, namoyishchilar bilan qoʻl berib koʻrishgan.

Prezident telekanallarda murojaat bilan chiqib, Covid-19ni “yengil tumovga” tenglashtirdi.

Aprelda esa Bolsonaru sogʻliqni saqlash vaziri Luis Mandetni ijtimoiy masofani saqlash choralarini qoʻllab-quvvatlagani va aholiga uyda oʻtirishni tavsiya qilgani uchun vazifasidan ozod etdi.

Atigi ikki oydan keyin ikkinchi tayinlangan vazir Nelson Teych ham isteʼfoga chiqarildi. U oʻzining isteʼfosi sababini maʼlum qilmagan, lekin ishdan ketish oldidan Bolsonaruning goʻzallik salonlari va mashq zallarini ochish haqidagi farmonini tanqid ostiga olgan edi. Teych oʻrni hamon boʻsh qolmoqda.

“Nima boʻpti?”

May oyida Braziliyada koronavirus tufayli vafot etganlar soni 10 ming kishidan oshdi. Bu vaqtda prezident Jair Bolsonaru gidrotsiklda uchish va kabobxoʻrlik qilishga ketdi.

Bolsonaru muntazam ravishda oʻz tarafdorlarini karantin choralariga qarshi norozilik namoyishiga chiqishga chaqirib keladi. Braziliya prezidentining taʼkidlashicha, odatdagi hayotga qaytish va iqtisodiyotni qayta ishga tushirib yuborish vaqti allaqachon kelgan.

Jurnalistlar prezidentdan Braziliyada Covid-19 dan vafot etganlar soni boʻyicha nima deya olishini soʻraganda, u “Xoʻsh, nima boʻpti? Nima qilishimni xohlaysiz?”, deb qoʻrs javob berdi.

Mamlakatdagi ayrim kuzatuvchilar prezidentning hatti-harakatlariga izoh berar ekan, "Toʻgʻrisini aytganda, u odamlarni oʻlimga haydamoqda, karantin choralarini qoʻllab-quvvatlayotgan siyosatchilarga bosim oʻtkazish uchun odamlarni namoyishga toʻplamoqda”, demoqda.

Prezident gubernatorlarga qarshi

Siyosatchilardan biri, prezidentning sobiq safdoshi, Rio-de-Janeyro shtatining gubernatori Uilson Vitsel mart oyida oʻzi rahbarlik qilayotgan shtatga karantin eʼlon qildi. Uning ushbu harakati boshqa siyosatchilar qatori Bolsonaruning keskin tanqidiga uchradi.

Aprel oyida federal politsiyasi Uilson Vitselning qarorgohida tintuv oʻtkazdi. Unga va uning rafiqasiga ayb qoʻyilmagan, lekin Reyter agentligining maʼlum qilishicha, tintuv korrupsiyaga qarshi tekshiruv bilan aloqador.

Aprelning boshida esa prezident hech qanday sabablarsiz federal politsiya boshligʻi, adliya va xavfsizlik rahbari Serjio Morining yaqin safdoshi Maurisi Valeyshni oʻz vazifasidan boʻshatdi. Bunga javoban adliya va xavfsizlik vaziri Serjio Moruning oʻzi ham oʻz ixtiyori bilan isteʼfo berdi.

Vazir Moru mamlakatda juda mashhur shaxslardan. U bundan avval Braziliya tarixidagi eng yirik korrupsiya tekshiruviga rahbarlik qilgandi. Ushbu ish sobiq prezident Luis Inasi Luli da Silva uchun qamoq jazosi bilan nihoyasiga yetgandi.

Xullas, mamlakatda soʻnggi oʻtkazilgan jamoatchilik soʻrovlari natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, prezidentni qoʻllab quvvatlash darajasi yanvar oyidagi 47,8 foizdan hozirgacha 39,2 foizga tushib ketdi. Mamlakatda esa ofat koʻlami kengayishda davom etmoqda. Bu shubhasiz, prezident Jair Bolsonaruning obrusiga putur yetkazmasdan qolmaydi. Zero, pandemiya sharoitida prezidentlarning reyting koʻrsatkichlari uning fuqarolarni balodan qay darajada himoya qilayotgani bilan belgilanmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.